“Maktabdan tashqari ta'lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori (PQ–277-son, 08.09.2025-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko'ra, quyidagilar tashkil etiladi:
“Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi hamda Respublika o'quvchi-yoshlar markazi negizida Respublika “Kelajak” markazi;
Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) “Barkamol avlod” bolalar maktablari negizida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tuman (shahar) “Kelajak” markazlari;
Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlari “Kelajak” markazlari huzurida bolalar sayyohlik bazalari.
“Kelajak” markazlarining umumiy o'rta ta'lim tashkilotlarida vertikal tizimini joriy etish maqsadida o'quvchilar tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.
Maktab maslahatchisi lavozim maoshi umumiy o'rta ta'lim tashkiloti direktori o'rinbosari lavozim maoshiga tenglashtiriladi.
2026-yil 1-sentabrdan menejerlik sertifikatiga ega maktab maslahatchilariga lavozim maoshiga tegishlicha har oylik 30 foiz miqdorida qo'shimcha ustamalar to'lanadi.
Qarorga ko'ra, “Kelajak” markazlariga quyidagilarga ruxsat etiladi:
- shartnoma asosida malakali mutaxassislar hamda nodavlat o'quv markazlarini jalb etgan holda to'garaklar tashkil etish;
- ota-onalar badali to'lovini ota-onalar bilan kelishgan holda respublika bo'yicha belgilangan minimal miqdorlarga nisbatan oshirish.
2026-yil 1-yanvardan “Kelajak” markazlarida o'qiganlik uchun ota-onalar badali to'lovining minimal miqdorlari qayta ko'rib chiqiladi.
“Kelajak” markazlari kontingent soni bo'yicha ikkita guruhga ajratiladi.
Bunda kontingent soni 600 nafargacha bo'lgan “Kelajak” markazlari – II guruhga, 601 nafar va undan ortiq bo'lganda – I guruhga tegishli hisoblanadi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) “Kelajak” markazlari faoliyati quyidagicha tashkil etiladi:
- markazlardagi to'garaklar faoliyati zamonaviy va yagona dastur asosida tegishli yo'nalishlarga bosqichma-bosqich ixtisoslashtiriladi;
- inklyuziv to'garaklarga jalb qilingan pedagoglarga mehnatning alohida sharoitlari uchun lavozim maoshining 30 foizi miqdorida har oyda ustama haq to'lanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91718 | Инструменты