Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan 2016 yil narxlariga nisbatan O'zbekiston iqtisodiyot tarmoqlarida real oylik maoshning o‘sish sur’ati tahlil qilindi.
Ushbu davr mobaynida moliya (167,5 foiz), axborot texnologiyalari (91,0 foiz), sog‘liqni saqlash (44,2 foiz) va logistika (40,0 foiz) kabi sohalarda real o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori o‘sish sur’ati kuzatilgan.
Real o‘rtacha oylik ish haqi savdo (0,2 foiz), qurilish (16,0 foiz) va san’at (17,1 foiz) kabi tarmoqlarda nisbatan sekin o‘sgan.
2022-yilda iqtisodiyotda band bo‘lganlar soni 13,7 million kishini, o‘rtacha oylik nominal ish haqi miqdori esa 3,2 million so‘mni tashkil etgan.
2016 yilda eng yuqori o’rtacha oylik ish haqi (moliya – 2 million so’m) va eng past o’rtacha oylik ish haqi (yashash va ovqatlanish – 612 ming so’m) o’rtasidagi farq 3,3 barobarni tashkil etgan bo’lsa, 2022 yilda ushbu ko’rsatkich 6,6 barobarga yetdi. 2022 yilda moliya sohasida o’rtacha nominal ish haqi 2016 yilga nisbatan 5 barobarga oshgan bo’lsa, yashash va ovqatlanish bo’yicha xizmatlar sohasida ushbu ko’rsatkich 2,5 barobarni tashkil etgan.
2022 yilda respublika bo’yicha o’rtacha real oylik ish haqi 2016 yilga nisbatan 52,6 foizga oshdi. Tahlil qilinayotgan davr mobaynida real o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori o‘sish sur’atlari moliya (167,5 foiz), axborot texnologiyalari (91,0 foiz), qishloq xo’jaligi (63 foiz), sog‘liqni saqlash (44,2 foiz) hamda transport va logistika (40,0 foiz) sohalarida kuzatildi.
Savdo xizmatlari sohasida o‘rtacha real ish haqi miqdori deyarli o’zgarmagan bo’lsa (real o’sish - 0,24 foiz), qurilish (16,0 foiz) va san’at (17,1 foiz) kabi tarmoqlarda ish haqining sotib olish qobiliyati nisbatan sekin o‘sgani aniqlandi. Mazkur sohalarda real ish haqi o’sish sur’atlarining nisbatan past darajada saqlanib qolayotgani yashirin iqtisodiyot ko’lami bilan birgalikda ishchilar va ish beruvchilar o’rtasida ish haqi borasida muzokaralar qilish imkoniyatlarining pastligi bilan ham izohlanishi mumkin.
MHTI mutaxasisslari moliya, IT va logistika kabi sohalarda o‘qitishni taklif qiluvchi 45 ta ta’lim markazi faoliyatini tahlil qildi. Tahlil natijalariga ko'ra quyidagilar aniqlandi:
Moliya kurslarining o‘rtacha davomiyligi 4 oyni, oylik to‘lov miqdori esa o‘rtacha 1 mln so‘mni tashkil etadi. Shunday qilib, moliya mutaxassisligi bo‘yicha o‘qib, ushbu sohada ishga joylashganlar o‘rtacha 4 mln so‘m sarflab, ko‘pi bilan 1,5 oy ichida ta’limga sarflagan xarajatini qoplay oladi (shaxsiy xarajatlarni hisobga olmagan xolda).
IT kurslarining o'rtacha davomiyligi 6,5 oyni, o‘rtacha to'lov miqdori oyiga 1,5 mln so‘mni tashkil qiladi. Binobarin, ishga qabul qilinganidan so‘ng, o‘qitish xarajatlari o‘rtacha 2-3 oy ichida qoplanadi.
Dispetcherning o‘qish muddati o‘rtacha 1 oyni, kurslarning narxi esa o‘rtacha 2,3 mln so‘mni tashkil etadi. Ba’zi o‘quv markazlari kurslarni a’lo natijalar bilan tugatgan bitiruvchilarga ish o‘rni ham taklif etadi. Bugungi kunda logistika sohasi mutaxassislari o‘rtacha 6 mln so‘m oylik maosh oladi. Ularning aksariyati masofadan turib ishlaydi.
Mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan kasblarni tezkorlik bilan egallash va buning uchun o'quv kurslarida tahsil olish turmush sharoitini yaxshilashdagi eng muhim omil bo'lishi mumkin.
Bunda davlat tomonidan o'quv kurslari uchun subsidiyalar va imtiyozli kreditlarning ajratilishi masalaning yarmini hal qiladi, lekin shu bilan birga har bir inson kasb va sohani tanlashda imkoniyatlarning kengligini anglashi va ko'zlangan maqsad sari intilishi darkor. Bu jarayonda uni atrofidagi hamkasblari va oila-a'zolarining qo'llab-quvvatlashi ham muhim ahamiyatga ega.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82604 | Инструменты