Yevroittifoq Rossiyaga qarshi bir vaqtning o‘zida bir necha sanksiya rejimlarining «tarixdagi eng yirik» qo‘llanishini tayyorlamoqda, u YEI tashqi ishlar kengashining 20 may kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida eʼlon qilinadi. Bu haqda 16 may, juma kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda YEIning yuqori martabali rasmiysi maʼlum qildi.
Tashqi ishlar vazirlari Rossiya Federatsiyasiga nisbatan to‘rtta sanksiya rejimi doirasida cheklovchi choralarni maʼqullaydi: Ukrainadagi urush, inson huquqlarini buzganlik, gibrid urush va kimyoviy qurol qo‘llaganlik uchun.
Jami 130 dan ortiq individual sanksiyalar, jumladan, Rossiya harbiy-sanoat kompleksi, «soyadagi floti» va uning sheriklariga, uchinchi davlatlardan Rossiyaga sanksiya ostidagi tovarlarni yetkazib beruvchilarga, shuningdek, tashviqot va dezinformatsiya tarqatuvchilarga nisbatan qabul qilinadi.
Rossiyaning Ukrainadagi tajovuzi uchun 17-sanksiya paketi doirasida sanksiyalar ro‘yxatiga 75 ta yangi yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek, 200 ta «soyadagi flot» kemalari kiritiladi. Shunday qilib, Yevropa Ittifoqining ushbu sanksiyalar ro‘yxatidagi shaxslar soni 2500 dan, kemalar soni esa 300 dan oshadi, dedi rasmiy.
Gibrid faoliyat uchun Yevropa Ittifoqining sanksiyalar rejimi doirasida Rossiya Federatsiyasida 27 jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan tarmoq choralari, shuningdek, individual sanksiyalar joriy etiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51719 | Инструменты