Navoiy viloyatining Uchquduq tumaniga ov qilish uchun borib, o‘z sherigini otib qo‘ygan shaxs jinoiy jazoga tortildi.
Sud hujjatida keltirilishicha, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yashovchi 30 yoshli D.N. Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida yashovchi tanishi A.R. bilan birga 2025 yil 2 fevral kuni Uchquduq tumani hududiga ov qilish uchun borgan. Ularga navoiylik tanish ovchilar ham qo‘shilgan.
Ov qilish uchun Mingbuloq ovuli atrofi, tuman markazidan 270 km olisdagi cho‘l hududida tanlangan. Ovchilar Qirg‘in nomli hududga borishgan. Ov jarayonida D.N. to‘ng‘izni otish uchun qamishzorga kirgan. U ortidan sherigi A.R. ham kelganini bilmagan. Shu tariqa D.N. to‘ng‘izga qarata ov qurolidan ikki marta o‘q uzgan. Ammo u otgan o‘qlardan biri o‘zidan 120 metr uzoqlikda turgan sherigiga borib tekkan.
Jarohat olgan A.R. voqea joyida vafot etgan.
D.N. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan va bu ishni ataylab qilmaganini aytgan.
“Ikkita mashinada edik. To‘xtaganimizda 3 ta it mashinadan tushib, qamish va saksovul oralab yugurib ketdi. Ular ichkarida tinimsiz hura boshladi. Shunda itlar to‘ng‘iz topganini sezdim. So‘ng hammaga “kirmanglar, men o‘zim ichkariga kiraman” deb, qurolni mashinadan oldim va yugurib ichkariga kirib ketdim.
Itlar hurayotgan tomonga qarab 200 yoki 300 metrlar yugurdim. Keyin sekin yura boshladim. Shunda men tomonga qamishlar oralab to‘ng‘iz yugurib kelayotganini ko‘rdim. To‘ng‘iz meni ko‘rib o‘ng tomonga qarab qocha boshladi. Tezlikda ikki marotaba unga qarata o‘q uzdim. Lekin to‘ng‘iz yiqilmadi.
Shu orada A.R. kim otdi, deb baqirdi va yordamga chaqirdi. Oldiga yugurib borsam, uning chap ko‘ksiga o‘q tekkan ekan. Ratsiya orqali qolgan sheriklarimizga A.R. tan jarohati olganini aytdim. Ular yetib kelishdi. A.R.ga qo‘limizdan kelgancha yordam qilishga urindik, ammo foydasi bo‘lmadi, oradan 15 daqiqalar o‘tib u vafot etdi. Uning jasadini mashinaga ortib, Uchquduq tumanidagi shifoxonaga olib bordik. Shifokorlar A.R.ning vafot etganini tasdiqlashdi”, degan D.N. o‘z ko‘rsatmasida.
Shuningdek, u sherigini otish niyati bo‘lmaganligini, ehtiyotsizligi oqibatida uni ko‘rmay qolganini bildirgan hamda suddan yengillik so‘ragan.
JIB Uchquduq tuman sudining 2025 yil 14 maydagi hukmi bilan D.N. Jinoyat kodeksi 102-moddasi (Ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) 1-qismi va 248-moddasi (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 1-qismi bilan aybli deb topilgan. Unga 2 yil ovchilik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51720 | Инструменты