Toshkent viloyati Qibray tumanida elektron tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yashirin sex fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “B.S” MCHJga qarashli savdo shoxobchalarda tegishli hujjatlari bo‘lmagan turli nomdagi tamaki va elektron tamaki mahsulotlari sotuvga qo‘yilgani aniqlanib, ushbu savdo nuqtalaridan umumiy bahosi qariyb 12 mlrd so‘mlik 144 567 quti tamaki, shundan 56 225 dona elektron tamaki, 25 714 dona elektron tamaki suyuqliklari, 10 668 dona elektron tamaki chekish uskunasi hamda 3 800 dona kalyan ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, ushbu tamaki mahsulotlarining kelib chiqish manbasini aniqlash maqsadida davom etgan tezkor tadbirda Toshkent viloyati Qibray tumani “Haydarobod” MFY hududidagi noturar binoda 3 nafar fuqaro inson salomatligi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan elektron tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yashirin sex tashkil etganliklari fosh etilgan.
Yashirin sexni ko‘zdan kechirish jarayonida umumiy bahosi 500 mln so‘mlik ya’ni 2 175 dona elektron tamaki suyuqliklari, 2 dona 250 kilogrammlik idishda glitserin va glikol kislotasiga o‘xshash suyuqliklar, turli nomdagi 42 ta o‘ramda elektron tamaki yorliqlari, elektron tarozi, turli hajmdagi o‘lchov idishlari, hush bo‘y ta’m beruvchi aromatizatorlar, qadoqlash uskunalari, 567 dona tayyor elektron tamaki va ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa tovar moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 179-moddasi (soxta tadbirkorlik) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51720 | Инструменты