Xakerlar Berlin Senatining o'ta maxfiy hujjatlarini darknetga sizdirdi

"Rhysida" xakerlar guruhi Berlin Senatining maxfiy hujjatlarini qo'lga kiritib, darknetga sizdirib yubordi. Bu haqda Germaniyaning qator nashrlari, jumladan, "Bild" va "Frankfurter Allgemeine Zeitung" gazetalari xabar bermoqda.

"Ushbu falokatning ko'lamini baholash oson emas. Bundan hamma jabr ko'rdi: jismoniy shaxslar, kompaniyalar va hatto xavfsizlikni ta'minlash bilan shug'ullanuvchi idoralar", - deyiladi "Bild" nashrida. 

Xususan, gap Germaniya poytaxtining ichimlik suvi ta'minoti tizimining zaifligi, hukumatning inqiroz va favqulodda vaziyatlardagi harakatlar rejalari, fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlari, jumladan telefon raqamlari va manzillari, shuningdek, ish haqlari to'g'risidagi ma'lumotlar haqida bormoqda.

Nashrining baholashicha, ushbu ma'lumotlarning darknetda e'lon qilinishi Berlin xavfsizligini ta'minlash nuqtai nazaridan halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ma'lumotlarning sizib chiqishi 7-12-avgust kunlari oralig'ida yuz bergan. Tizim buzib kirilgach, xakerlar 2mln yevro talab qilishdi. Biroq Berlin Senati to'lashdan bosh tortdi.

Shundan so'ng, "Rhysida" guruhi 4-sentabr oqshomida barcha o'g'irlangan ma'lumotlarni - umumiy hajmi 5,79 TB bo'lgan 1,4 million faylni darknetga yuklaganini ma'lum qildi.

Nemis ommaviy axborot vositalarida ushbu voqeaga izoh bergan IT-xavfsizlik bo'yicha ekspertlar Berlin ma'muriyatining jinoyatchilar bilan kelishuvga bormaslik va tovon puli to'lamaslik haqidagi qarorini qo'llab-quvvatladilar. 

"Agar ushbu guruhlar shu tariqa moliyalashtirilsa, ular, albatta, o'z faoliyatini davom ettiraveradilar. Ularni moliyaviy mablag'lardan mahrum qilish kerak", – dedi kompyuter xavfsizligi bo'yicha ekspert Byanka Kastl.

"Der Spiegel" haftalik nashriga ko'ra, "Rhysida" xakerlik guruhi Britaniya kutubxonasi, Germaniyaning "Welthungerhilfe" insonparvarlik tashkiloti, Shtutgart shahar ma'muriyati kompyuter tarmoqlariga ham hujum qilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90816 | Инструменты