O‘tgan hafta davomida xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni vatanga qaytarish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida 11 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi.
Jumladan, 9 nafari Rossiyadan, 2 nafari esa Qozog‘istondan olib kelindi. Mazkur ishlar respublika Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari va Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan hamda Bolalar ombudsmani ko‘magida xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Vatanga qaytarilgan bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularni oilaviy muhitga qaytarish hamda zarur ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Bolalarning keyingi holati va oilaga moslashuvi ularning yashash manzili bo‘yicha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ijtimoiy hamrohlik asosida kuzatib boriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90816 | Инструменты