Huawei 1
WSJ: Pentagon yillar davomida NUJ haqida yolg‘on maʼlumotlar tarqatib kelgan

Yerda NUJ (nomaʼlum uchar jismlar) faolligi bilan bog‘liq fitna nazariyalarining kelib chiqish manbalarini aniqlash chog‘ida Pentagon huzurida tashkil etilgan Anomaliyalarni hal qilish bo‘limi (AARO) noto‘g‘ri maʼlumotlar ko‘pincha AQSHning yuqori harbiy rahbariyati tomonidan tarqatilgan, degan xulosaga keldi. Pentagon bu maʼlumotlarni 2024 yilgi hisobotida yashirishga uringan, deb yozadi The Wall Street Journal.

Pentagon ichki tergov materiallarini tahlil qilish natijasida WSJ shunday xulosaga keldi: Amerika armiyasi ofitserlari orasida tarqalgan konspirologiyaning katta qismi Pentagon sanksiyalari asosida paydo bo‘lgan yoki uzoq davom etgan hazil anʼanalari sabab yuzaga kelgan. 2024 yilgi hisobotida Mudofaa vazirligi noqulay vaziyatga tushib qolmaslik va maxfiy maʼlumotlarni oshkor qilmaslik uchun ichki tergovning asosiy tafsilotlarini keltirmagan.

AARO tomonidan ochilgan birinchi dezinformatsiya holati 1980 yillarga tegishli. O‘shanda AQSH Harbiy-havo kuchlari polkovnigi “51-hudud” yaqinidagi barga borgan va «uchar likopcha» suratlarini muassasa egalari bilan bo‘lishgan. Bar devorlariga ilingan suratlar tez orada harbiy baza joylashgan Nevada shtatidan tashqariga ham tarqalgan. WSJ maʼlumotlariga ko‘ra, harbiy xizmatchi mahalliy aholini dezinformatsiya bilan taʼkimlash vazifasini bajargan — ushbu operatsiyaning maqsadi maxfiy poligon hududida F-117 Nighthawk stels-qiruvchisi sinovini yashirish bo‘lgan. Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligiga o‘sha vaqtdagi yangi texnologiya maʼlumotlarini oshkor etishdan ko‘ra, atrofdagi aholi punktlarida yashovchilarning NUJga ishonishi manfaatliroq bo‘lgan. Bunday usul orqali AQSH qo‘mondonligi butun «sovuq urush» davrida maʼlumotlar sizib chiqishidan qochib kelgan.

Ichki tergov davomida Pentagon, shuningdek, Amerika armiyasining amaldagi va sobiq ofitserlarini bir qismi katta ofitserlarning oddiy hazilidan jabr ko‘rib, hozirga qadar o‘zga sayyoralarda hayot mavjudligiga ishonishni davom etishini aniqlangan. Yangi komandirlarga o‘nlab yillar davomida Harbiy-havo kuchlarining go‘yoki o‘zga sayyoraliklarning uchar apparati bo‘lgan suratlar topshirib kelingan. Hazilkashlar buni Yankee Blue deb atab kelgan. Ko‘pchilik esa uning soxtaligini bilmagan ham. 2023 yil bahorda AQSH Mudofaa vazirligi kanselyariyasi ushbu amaliyotni zudlik bilan to‘xtatish buyrug‘i keltirilgan xizmat xatlarini yo‘llagan.

2023 yil yozda AQSH Kongressida Yerdan tashqarida hayot mavjudligi bo‘yicha eshituvlar bo‘lib o‘tgan. Unda Amerika razvedka hamjamiyatining sobiq xodimi Devid Grash chiqish qilgan. U Pentagon 1930 yillardan beri amerikaliklardan o‘zga sayyoraliklar bilan aloqasini yashirib kelayotganini maʼlum qilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60820 | Инструменты