Huawei 1
Kolumbiyada saylovoldi mitingida chiqish qilayotgan senatorga suiqasd uyushtirildi

Bogotadagi saylovoldi mitingida chiqish qilayotgan kolumbiyalik senator Migel Uribe Turbayga bir necha marta o‘q uzildi. U og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketildi, deb yozadi The Bogota Post.

Uribe o‘z kampaniyasi doirasida tashviqot ishlarini olib borayotgan edi — oldinroq u 2026 yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun o‘z nomzodini qo‘yishini eʼlon qilgandi. Qayd etilishicha, olomon oldiga mototsiklda ikki erkak kelgan va ulardan biri Uribening orqasiga bir necha marta o‘q uzgan — ularning besh yoki oltitasi senatorga tekkan.

Uribening tansoqchilari ishtirokida otishma boshlangan. Natijada, senatorga o‘q uzgan 15 yoshli o‘smir qo‘lga olingan (boshqa maʼlumotlarga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs 14 yoshda). Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan ko‘rish mumkinki, u ham qo‘lga olish vaqtida yaralangan. El Mundo‘ning yozishicha, o‘smir «o‘z hayotini saqlab qolish evaziga» hujum to‘g‘risida maʼlumot taqdim etishga vaʼda bergan. Mudofaa vaziri Pedro Sanches hukumat hujumga oid har qanday maʼlumot uchun 3 milliard pesogacha (730 ming dollar) mukofot berishini maʼlum qildi.

Uribe vertolyotda Santa-Fe shifoxonasiga yetkazilgan. Tibbiyot xodimlarining maʼlum qilishicha, u tizzasidan va boshidan ikkita o‘q yegan. Uribening rafiqasi Mariya Klaudiya Tarazona turmush o‘rtog‘i «hayot uchun kurashayotganini» yozib qoldirdi. Keyinroq u Uribe «operatsiyadan chiqqani», ammo ahvoli og‘irligicha qolayotganini aytdi.

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro Uribega hujumni qoraladi va o‘zining Fransiyaga rejalashtirilgan diplomatik safarini bekor qildi. AQSH davlat kotibi Marko Rubio ham hujumni qoralab chiqdi. «Bu demokratiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid va Kolumbiya hukumati yuqori doiralaridan chiqayotgan agressiv so‘l ritorikaning natijasidir», — deb yozadi Rubio.

39 yoshli Uribe — Kolumbiya sobiq prezidenti Alvaro Uribe (ular qarindosh emas) tomonidan asos solingan muxolif «Demokratik markaz» konservativ partiyasi aʼzosi hisoblanadi. Bundan tashqari, Uribe Kolumbiyani 1978 yildan 1982 yilga qadar boshqargan Xulio Sezar Turbayning nabirasidir. Senatorning onasi Diana Turbay esa Pablo Eskobarning Medelin karteli tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va 1991 yilda ozod etilish vaqtida halok bo‘lgan taniqli jurnalist bo‘lgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60902 | Инструменты