29 sentabr kuni Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahuni qabul qilgan AQSh prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharqda tinchlikni ta’minlashga «yaqin» ekanligini aytdi. «Eng kamida, juda-juda yaqin», — dedi Tramp Oq uyda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida.
U Isroilning G‘azodagi urushini yakunlash va Hamas garovda ushlab turgan isroilliklar ozod etilishini ta’minlashga qaratilgan yangi 20 bandlik rejasini bayon etdi. Trampning urushni tugatishga oid rejasini Hamasning muzokaralar guruhi o‘rganmoqda.
Trampning tinchlik rejasi
Oq uy e’lon qilgan tinchlik rejasi 20 banddan iborat. U – maxsus elchi Stiv Uitkoff va Trampning birinchi muddatdagi maslahatchisi, kuyovi Jared Kushner tomonidan ishlab chiqilgan. Rejaga ko‘ra, G‘azo qo‘shnilariga «tahdid solmaydigan, terrordan xoli» hududga aylantiriladi va g‘azoliklarga foyda keltirish maqsadida qayta rivojlantiriladi.
- Agar ikki tomon ham ushbu taklifga rozi bo‘lsa, urush darhol tugaydi. Isroil kuchlari garovdagilarni ozod qilishga tayyorgarlik ko‘rish uchun kelishilgan chiziqqacha chekinadi. Bu vaqt davomida barcha harbiy operatsiyalar muzlatib qo‘yiladi.
- Isroil ushbu kelishuvni omma oldida qabul qilganidan keyin 72 soat ichida barcha garovdagilar – tirik va vafot etganlar qaytariladi. Barcha garovdagilar ozod etilgach, Isroil umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan 250 mahbusni, 7 oktyabr voqealaridan keyin hibsga olingan 1700 nafar g‘azolikni ozod qiladi.
- Barcha garovdagilar qaytarilgach, qurollarini topshirishga rozi bo‘lgan HAMAS a’zolariga amnistiya beriladi. G‘azoni tark etishni istagan HAMAS a’zolariga qabul qiluvchi mamlakatlarga xavfsiz o‘tish ta’minlanadi.
- Ushbu kelishuv qabul qilingach, G‘azo sektoriga darhol to‘liq humanitar yordam kiritiladi. G‘azoda yordamni kiritish va tarqatish ikki tomonning aralashuvisiz BMT va uning agentliklari, Qizil Yarim Oy jamiyati hamda har ikki tomondan mustaqil bo‘lgan boshqa xalqaro institutlar orqali amalga oshiriladi.
- G‘azo vaqtinchalik o‘tish davri boshqaruvi ostida, siyosiy jihatdan betaraf, texnokrat falastinlik qo‘mita tomonidan boshqariladi. Qo‘mita faoliyatini raisi Tramp bo‘lgan «Tinchlik kengashi» nazorat qilib boradi. Bu tizimlar Falastin Ma’muriyati islohot dasturini to‘liq yakunlaguniga qadar ishlaydi.
- G‘azoni qayta qurish va iqtisodiy jihatdan jonlantirish uchun Trampning iqtisodiy rivojlanish rejasi tuziladi. Maxsus iqtisodiy zona tashkil etiladi. Hech kim G‘azodan majburan chiqarilmaydi: ketishni istaganlar erkin chiqib ketishi va qaytishi mumkin bo‘ladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 93019 | Инструменты