Huawei 1
1-oktyabrdan O‘zbekiston qonunchiligida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

2025-yil 1-oktyabrdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlar bo‘yicha sharh taqdim etildi.

Sudyalar uchun kurslar

Sudyalik lavozimlariga nomzodlar Akademiyaning olti oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslarida davlat granti asosida sud ixtisosliklari bo‘yicha tayyorlash kurslaridan o‘tadilar.

Bunda kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilingan shaxslarning asosiy ish joyi bo‘yicha lavozimi saqlanadi, shuningdek, har oyda sudya yordamchisining oylik ish haqi miqdorida stipendiya to‘lanadi.

Investitsiya platformalari va "Tartibga solish qumdoni"

2026 yil 1 oktyabrgacha "Tartibga solish qumdoni" maxsus huquqiy rejimida investitsiya platformalaridan quyidagi yo‘nalishlarda foydalanishga ruxsat beriladi:

  • qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va realizatsiya qilishda;

  • venchur va pay fondlarini moliyalashtirishda;

  • kommandit shirkatlarga hissa kiritishda.

Yer qaʼridan foydalanishga ruxsat uchun bo‘lib-bo‘lib to‘lash

Foydali qazilmalar konlarini ochiq usulda qayta ishlashni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlariga yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnoma berishga oid auksionda to‘lov taklif etilgan summani bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoni beriladi.

Uchastkalarni auksionsiz ijaraga olish

Tadbirkorlar o‘zlarining bino va inshootlariga tutashgan uchastkalarni, shu jumladan davlat organlari va tashkilotlari doimiy foydalanishidagi yerlarni (taʼlim va tibbiyot muassasalari huzuridagi uchastkalardan tashqari) ijaraga olishi mumkin.

Ijara quyidagicha amalga oshiriladi:

  • auksionsiz – to‘g‘ridan-to‘g‘ri, agar yer tadbirkor obyekti bilan chegaradosh bo‘lsa;

  • bir kalendar yil muddatiga uzaytirish imkoniyati bilan;

  • yer solig‘i stavkasining 3 baravarigacha miqdordagi ijara haqi bilan;

  • Davlat soliq qo‘mitasi nazorati ostidagi shartnomalarni ro‘yxatga olishning elektron tizimi orqali.

Xizmat safarlari to‘g‘risida hisobotlar – yagona platformada

Davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlil qilish “hrm.argos.uz” elektron tizimi tarkibidagi "Xizmat safari" yagona modulida amalga oshiriladi. Bunda:

  • xizmat safarlarining rejalari va natijalari, geografiyasi, xodimlar soni, shuningdek xarajatlarni onlayn kuzatish imkoni yaratiladi;

  • muayyan davlat organi faoliyati samaradorligiga xizmat safarlarining bevosita, oraliq va yakuniy taʼsirining monitoringi olib boriladi;

  • davlat xizmatchilari har bir xorijiy xizmat safarining yakunlari to‘g‘risida hisobot taqdim etadi va hisobot asosida uning samaradorligi baholanadi.

Davlat xaridlari uchun sertifikatlangan mebel

Elektron kooperatsiya portali va davlat xaridlari elektron tizimlari operatorlarining "Milliy do‘kon" sahifalarida faqat mahalliy ishlab chiqarilgan tovar haqidagi sertifikatga ega mebel mahsulotlarini joylashtirishga va mazkur sertifikatga ega tadbirkorlik subyektlarining savdolarda ishtirok etishiga ruxsat beriladi.

Pensiyalarni tayinlash va to‘lash tartib-taomillarining raqamlashtirilishi

AT "Xalq banki"ning davlat pensiya taʼminoti va naqd shaklda pensiyalarni to‘lash bilan bog‘liq xizmatlari fuqarolarning biometrik identifikatsiyasi (Face-ID) va elektron raqamli imzosi orqali ko‘rsatiladi. Bunda:

  • Adliya vazirligi Pensiya jamg‘armasi va AT "Xalq banki"ning elektron so‘rovi asosida fuqarolarning biometrik identifikatsiyasi bo‘yicha maʼlumotlarni bepul taqdim etadi;

  • biometrik identifikatsiya asosida ko‘rsatiladigan xizmatlarni joriy etish uchun foydalaniladigan qurilmalarni sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar Pensiya jamg‘armasi va AT "Xalq banki" hisobidan moliyalashtiriladi.

Shuningdek fuqarolarga pensiyalarni tayinlashda amaliy yordam ko‘rsatish, xususan staj va ish haqi bo‘yicha elektron maʼlumotlardagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha xizmat ishga tushiriladi.

Oq shakar – aksiz solig‘isiz

O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan hidlantiruvchi yoki bo‘yoqchi qo‘shimchalar bo‘lmagan oq shakardan aksiz solig‘i bekor qilinadi.

Kimga "Yashil sertifikat" beriladi

Atrof-muhitga taʼsir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turlari texnologik jarayonlari amaldagi "Yashil sertifikat"ga ega bo‘lishi kerak.

Amaldagi "Yashil sertifikat"ning mavjudligi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan, texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi majburiy tasdiqlanishi lozim bo‘lgan mahsulotga muvofiqlik sertifikati berish uchun majburiy hisoblanadi.

2026 yil iyulgacha texnologik jarayonlarni ekologik sertifikatlashtirish haqida shartnoma tuzgan xo‘jalik subyektlari uchun sertifikatlashtirish ishlari bepul amalga oshiriladi.

Tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish – "Yagona darcha" orqali

Tovarlarni olib kirish, olib chiqish va tranzit o‘tkazishga tegishli barcha sertifikat, xulosa va ruxsat hujjatlari faqat "Yagona darcha" bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi.

Subsidiyalar, grantlar – ijtimoiy karta orqali

Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan fuqarolarga pul shaklida beriladigan subsidiya, grant va ssudalar bosqichma-bosqich ijtimoiy karta orqali taqdim etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 93017 | Инструменты