AQSh barcha davlatlar bilan savdo shartlari bo‘yicha kelisha olmaydi, shu bois tez orada Vashington import bojlarining yangi stavkasini e’lon qiladi, deydi Donald Tramp. Shu bilan birga, aprel oxirlarida u ikki yuzta savdo bitimini tuzmoqchi ekanini aytgandi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQShning savdo sheriklari uchun bojlar «yaqin ikki-uch haftada» belgilanadi. Uning aytishicha, moliya vaziri Skott Bessent va savdo vaziri Govard Lyutnik «odamlarga AQShda biznes yuritish uchun qancha to‘lashlari kerakligini tushuntirib beradigan xatlarni yuborgan». «Biz juda adolatli bo‘lamiz deb o‘ylayman», — deydi prezident.
Trampning qo‘shimcha qilishicha, «bitim imzolashni xohlayotgan 150 ta mamlakat» bor. U qancha davlat yangi tariflar bo‘yicha xatlarni olishiga oydinlik kiritmagan.
«Men barcha bitimlarni imzoladim. 200 ta bitim imzoladim», — degandi Tramp aprel oyida. O‘shanda ham u gap qaysi davlatlar haqida ketayotganiga oydinlik kiritishdan bosh tortgan edi.
Hozircha rasman faqat bitta bitim haqida ma’lum: 8 may kuni AQSh va Buyuk Britaniya savdo bitimi tuzganliklarini e’lon qilgandi. Biroq bu to‘liq savdo kelishuvi emas — ko‘plab bojlari o‘zgarishsiz qolgan; tomonlar faqat avtomobil, po‘lat va alyuminiy, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kabi sohalarda ayrim bojlardan voz kechish yoki ularni kamaytirishga kelishib olgan.
Tramp 2 aprel kuni barcha davlatlardan import qilinadigan mahsulotlarga 10 foiz boj joriy qilgandi, taxminan 60 ta davlat uchun esa yanada yuqori stavkalarni belgilagan. Oradan bir kun o‘tib, boshqa davlatlar bilan yangi savdo shartlarini muhokama qilish imkoniyati bo‘lishi uchun u bojlar joriy etilishini 90 kunga kechiktirgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51716 | Инструменты