Suriya banknotlarini BAA va Germaniyada chop etishni rejalashtirmoqda. Mamlakat milliy valyutasi o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida Rossiyada bosib kelingan.
Reuters manbasiga ko‘ra, Suriya rasmiylari banknotlarni bosib chiqarishni BAA va Germaniyaga ko‘chirish imkoniyatlarini maʼlum vaqtdan beri o‘rganmoqda. Yevropa Ittifoqi fevral oyida Damashqqa qarshi sanksiyalarni yumshatganidan so‘ng rasmiylarning bu yo‘nalishdagi harakatlari kuchaygan.
Xabar qilinishicha, ikki nemis kompaniyasi allaqachon Suriya funtlarini chop etishga qiziqish bildirgan. Ular davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Bundesdruckerei va Giesecke+Devrient xususiy korxonalaridir.
Suriyaning yangi maʼmuriyati, shuningdek, banknotlardan Suriyaning sobiq prezidenti Bashar al-Assad portretini olib tashlab, Suriya funtining dizaynini o‘zgartirishni rejalashtirmoqda.
Maʼlumot uchun, Rossiya 2012 yildan Suriya banknotlarini chop etishni boshlagan. Ilgari Suriya funtlarini bosib chiqarish Avstriya kompaniyasi tomonidan amalga oshirilardi. Shartnoma Yevropa Ittifoqining Suriyadagi fuqarolar urushi ortidan kiritgan sanksiyalari tufayli bekor qilingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51718 | Инструменты