Joriy yilning 19 iyun kuni kechqurun Tojikistonning Xo‘jand shahridagi sobiq “Temurmalik” nomi bilan mashhur “Yakkasaroy” restoranida kuchli yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda “Asia-Plus” xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hech kim jabrlanmagan, biroq yong‘in oqibatida bino deyarli butunlay vayron bo‘lgan.
Umumiy maydoni 631 kvadrat metr bo‘lgan uch qavatli binoning yuqori ikki qavati butunlay yonib ketgan. Binoning qolgan qismi ham jiddiy zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin, ammo zararning aniq miqdori hali aniqlanmagan.
Voqea joyida hozir bo‘lgan shahar yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlaridan biri “Asia-Plus” muxbiri bilan suhbatda qayd etishicha, yong‘inga o‘tin yoniga uloqtirilgan mangal panjarasidan yonayotgan ko‘mir sabab bo‘lgan.
U gaz portlashi haqidagi mish-mishlarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar gaz portlashi sodir bo‘lganida, hammasi butunlay boshqacha ko‘rinishga ega bo‘lardi.
Ma’lumot uchun, 2019 yilning 2 aprel kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ishtirokida “Temurmalik” restorani ochildi va keyinchalik “Yakkasaroy” deb nomlandi. U Sirdaryo sohilida Kamoli Xo‘jandi bog‘i yonida joylashgan bo‘lib, kema shaklida qurilgan.
Yerto‘lada 100 o‘rinli kafe, birinchi qavatda 200 o‘rinli restoran, uchinchi qavatda yozgi terrasa joylashgan edi.
Olti yillik faoliyat davomida restoran to‘y va ma’rakalarni o‘tkazish uchun viloyatdagi eng mashhur maskanlardan biriga aylandi. Ilgari mazkur muassasa “Abdurashid” MCHJ rahbari Abdurasul Rajabovga tegishli bo‘lib, xalq qahramoni Temurmalik nomi bilan atalgan. Keyinchalik restoranni Yakkasaroy tarmog‘i egasi sotib olib, nomini o‘zgartirgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62210 | Инструменты