Huawei 1
Barqaror qishloq xo‘jaligi uchun ekologik yechimlar taqdim etildi

“Eco Expo Central Asia 2025” xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasi doirasida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi ekologik barqaror va yashil qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan parallel sessiyalar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur sessiyalarda xalqaro va milliy mutaxassislar birlashib, ekologik qishloq xo‘jaligi, xavfsiz kimyoviy moddalar bilan ishlash, tuproq unumdorligini saqlash hamda kichik fermerlarni qo‘llab-quvvatlash sohalaridagi eng dolzarb va samarali yechimlarni muhokama qildilar. Ushbu tadbirlar ekologik maqsadlariga erishishda bilim almashish va hamkorlikni kengaytirish uchun muhim maydon bo‘ldi.

Sessiyaning birinchi kunida FAOning xalqaro eksperti Stefan Robinson xavfli kimyoviy moddalarni xavfsiz boshqarish bo‘yicha ilg‘or texnik yondashuvlarni taqdim etdi. Jahongir Babajanov Yevropa va Markaziy Osiyoda yashil qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajribalar bilan o‘rtoqlashdi. Malika Saparova esa fermerlikka oid aqlli texnologiyalar imkoniyatlarini batafsil tushuntirdi.

Ikkinchi kunda esa FAOning O‘zbekistondagi loyihalari keng yoritildi. Muhammadjon Qosimov, Aziz Nurbekov, Nariman Nishanov va Odina Nazarova o‘z sohalaridagi innovatsion ishlanmalar, erishilgan natijalar va istiqbollar haqida ma’lumot berdi.

FAOning O‘zbekistondagi faoliyatida quyidagi beshta asosiy yo‘nalishga alohida e’tibor qaratildi:

— Yevropa Ittifoqining qo‘llab-quvvatlashi bilan pestitsidlardan foydalanishni qisqartirish;
— FOLUR va CACILM 2 global tashabbuslari doirasida konservativ qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini keng joriy etish;
— LDN loyihasi orqali yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish va tuproq unumdorligini oshirish;
— aqlli qishloq xo‘jaligi texnologiyalari yordamida kichik fermerlarni qo‘llab-quvvatlash;
— tog‘ va vodiy hududlarida barqaror o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha SFM loyihasini amalga oshirish.

Sessiya ishtirokchilari xalqaro tajribani milliy ustuvorliklarga samarali integratsiya qilish zarurligini ta’kidladilar. Tashkilotchilarning fikricha, "Eco Expo Central Asia" doirasidagi bunday tadbirlar davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar va fermerlar o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlab, O‘zbekistonda yashil va iqlimga mos qishloq xo‘jaligiga o‘tish yo‘lida mustahkam poydevor yaratadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62201 | Инструменты