Japarov Tashiyevning isteʼfosidan so‘ng u bilan shaxsan uchrashganini maʼlum qildi. Uning taʼkidlashicha, Tashiyev hozir dam olishi va sog‘lig‘iga eʼtibor qaratishi kerak.
"Men bahsli masalalarni tinch va ziddiyatlarsiz hal qilishni afzal ko‘raman. Do‘stlar do‘stligicha qoladi, lekin u hech qanday davlat xizmatida ishlamaydi. Dam olsin, sog‘lig‘iga qarasin. Atrofini tozalasin, “oqsoqollar va ko‘ksoqollar”dan xalos bo‘lsin.
Tergov xizmatlari hammasini aniqlab, tozalab beradi. Albatta, hozir rahmat demaydi, xafa bo‘ladi. Ammo yillar o‘tib, “Do‘stim, o‘shanda to‘g‘ri qilgan ekansan”, deb minnatdorlik bildiradi", — dedi Japarov.
Davlat rahbari kadrlar bo‘yicha qarorlar mustaqil ravishda qabul qilinganini, bunda hech qanday kelishuv yoki tashqi bosim bo‘lmaganini aytgan. Huquqni muhofaza qilish tizimidagi ishlar esa odatdagidek davom etadi.
Japarov mamlakatda to‘ntarish yoki muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishi ehtimolini rad etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir beqarorlik uchun hech qanday asos yo‘q. Prezident mamlakatni “kuch bilan emas, aql bilan” boshqarish kerakligini taʼkidlagan.
Shuningdek, u davlat idoralari faoliyatini shaxsan nazorat qilayotganini va barcha islohotlar qonun doirasida davom etishini bildirgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21702 | Инструменты