Huawei 1
Makron Ukrainaga qo‘shin yuborishni istisno etmadi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukraina hududida fransuz quruqlikdagi qo‘shinlaridan foydalanish ehtimolini inkor etmadi.

"Bugungi kunda quruqlikdagi qo‘shinlarni Ukrainaga rasman yuborish masalasida konsensus yo‘q, ammo hech narsani inkor etib bo‘lmaydi", - dedi Makron Parijda Ukrainaga yordam bo‘yicha konferensiya yakunida.

"Rossiya bu urushda g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hamma narsa qilinadi", deya Fransiya prezidentining so‘zlaridan iqtibos keltirdi dpa agentligi. Avvalroq Makron Ukraina uchun ko‘proq qurol-yarog‘ va resurslar berishga chaqirgan edi. Yigirmaga yaqin davlat va hukumat rahbarlari, jumladan, Kanada va AQSh vakillari ishtirok etgan konferensiya boshlanishidan oldin chiqish qilgan Fransiya prezidenti bugungi kunda barchaning xavfsizligi "tahdid ostida" ekanini aytdi.

Makron ta’kidlaganidek, Rossiyaning xatti-harakati endi siyosiy darajada ham, Ukrainaga qarshi urush paytida ham keskinlashmoqda, shuning uchun Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan har bir kishi "jamoaviy harakat" qilishi kerak. Shu bilan birga, u "rus xalqi bilan urushga kirishni" istamasligini ta’kidladi. 

Slovakiya bosh vaziri: G‘arb Ukrainaga harbiylar yuborish masalasini «ko‘rib chiqmoqda» 

Avvalroq, Slovakiyaning mashhur rossiyaparast bosh vaziri Robert Fitso Makron tomonidan chaqirilgan konferensiya uchun Parijga jo‘nab ketishdan oldin Bratislavada so‘zlagan nutqida, ba’zi G‘arb davlatlari o‘z askarlarini "Ukraina hududiga ikki tomonlama shartnomalar asosida yuborishni ko‘rib chiqayotganini" aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap "bir nechta davlatlar – NATO va YeI a’zolari" haqida ketmoqda, Fitso esa "maxfiy ma’lumotlar"ga tayanib, ular qaysi davlatlar ekanligini aniqlashtirmadi, deb yozadi AFP. 

Parijdagi konferensiya natijalari 

Makronning so‘zlariga ko‘ra, Parijdagi konferensiyada Ukrainani o‘rta va uzoq masofaga uchuvchi raketalar, shuningdek, qisqa muddatda Yevropa va uchinchi davlatlardan boshqa o‘q-dorilar bilan ta’minlashi kerak bo‘lgan koalitsiya tuzishga qaror qilindi. Bundan tashqari, kibermudofaa, birgalikda qurol ishlab chiqarish va Rossiyaning Ukrainaga hujumi bevosita tahdid keltirib chiqargan mamlakatlarni, xususan, Moldovani himoya qilish bo‘yicha tashabbuslar kelishib olindi. 

Parijdagi uchrashuv yakunida Chexiya bosh vaziri Petr Fiala 15 ga yaqin davlat Praganing uchinchi davlatlardan artilleriya o‘q-dorilarini xarid qilish va Ukrainaga qayta import qilish tashabbusiga qiziqish bildirganini aytdi. Xususan, Niderlandiya unda ishtirok etishga va 100 million yevro berishga tayyor, dedi Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte. 

Parijdagi konferensiya oldidan AFP agentligi uning ishtirokchilarining maqsadi Kiyevga yordamni "Ukraina ehtiyojlariga moslashtirish" uchun ko‘paytirish yo‘llarini izlash ekani, biroq yangi aniq majburiyatlar kutilmayotganini xabar qildi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120413 | Инструменты