Senat “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qoʻriqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunni ma'qulladi
Senatning 19-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qoʻriqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Ma'lum qilinishicha, 2016–2025-yillar davomida davlat chegarasida 12 ta noqonuniy yerosti tonneli aniqlangan. Ular orqali katta miqdordagi tovar-moddiy boyliklar, valyuta qimmatliklari va boshqa tovarlar mamlakatga yashirin olib kirilgandi. Bu kabi holatlar davlat chegarasi daxlsizligi, iqtisodiy xavfsizlik va milliy manfaatlarga jiddiy tahdid solishi qayd etildi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksida davlat chegarasi orqali yerostida noqonuniy tonnellar va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish, ulardan foydalanish, bunday faoliyatni tashkil etish yoki moliyalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, ana shunday noqonuniy inshootlardan foydalangan holda davlat chegarasini kesib oʻtganlik yoki kontrabanda jinoyatlari sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Bundan tashqari, birinchi marta ushbu turdagi qilmishni sodir etgan shaxs oʻz ixtiyori bilan davlat organlariga noqonuniy tonnel haqida xabar bersa yoki jinoyatni fosh etishga koʻmaklashsa hamda uning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi boʻlmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.
Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartishlarga muvofiq bunday jinoyatlar boʻyicha dastlabki tergovlarni DXX organlari tergovchilari amalga oshiradi. Bu mazkur turdagi jinoyatlarni tezkor aniqlash va samarali tergov qilish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Senatorlar qonunni maʼqulladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91116 | Инструменты