Japarov Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudiga yangi prezidentlik saylovi o‘tkazilishi masalasi bo‘yicha murojaat yo‘lladi

Qirg‘iziston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga prezident Sadir Japarovning amaldagi davlat rahbarining vakolatlarini amalga oshirish muddatlari va navbatdagi yoki muddatidan ilgari prezidentlik saylovlarini tayinlash tartibiga oid Konstitutsiya normalariga rasmiy sharh berish to‘g‘risidagi taqdimnomasi kelib tushdi. Bu haqda Konstitutsion sud matbuot xizmati xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, murojaat qilish zarurati ijtimoiy-siyosiy makonda va ekspertlar muhitida konstitutsiyaviy qoidalarni talqin qilish bo‘yicha mutlaqo qarama-qarshi pozitsiyalar shakllangani bilan bog‘liq.

Gap 2010 yilgi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq saylangan prezident vakolatlari muddatining boshlanish vaqti va davomiyligini, shuningdek, navbatdagi yoki muddatidan ilgari saylovlarni o‘tkazishni tartibga soluvchi normalar haqida bormoqda.

Taqdimnomada 2021 yil 11 apreldagi referendumda qabul qilingan “Qirg‘iziston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Qonunning qoidalari, bir qator ekspertlarning fikriga ko‘ra, 2010 yil 27 iyundagi tahrirdagi Konstitutsiya normalari bilan birgalikda qo‘llanilganda noaniq talqin qilinishiga yo‘l qo‘yishi va ziddiyatlarni keltirib chiqarishi ko‘rsatilgan.

Taqdimnoma Konstitutsiyaviy sud tomonidan 17 fevral kuni ko‘rib chiqiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21203 | Инструменты