Adliya vazirligi Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Yagona tanlov Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan notarius lavozimi bo‘sh bo‘lgan yoki yangi notarius lavozimi taʼsis etilganda o‘tkaziladi.
Yagona tanlov 2 bosqichda (test sinovlari va amaliy imtihon) o‘tkaziladi.
Yagona tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi eʼlon “Inson va qonun” gazetasi va Vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Yagona tanlovning 1-bosqichi Adliya vazirligi tomonidan talabgorlarning ro‘yxati Agentlikka taqdim etilgan kundan boshlab 10 kundan so‘ng, biroq 15 kundan kechiktirmay o‘tkaziladi.
Talabgorlar Agentlikning elektron platformasi orqali davlat va jamiyat boshqaruvi, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat va vorislik huquqi bo‘yicha test sinovini (40 ta test) topshiradi (60 daqiqa vaqt ajratiladi).
Test sinovida 55 balldan yuqori to‘plagan talabgor muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi hamda yagona tanlovning 2-bosqichidan o‘tolmagan taqdirda ham 1 yil davomida test sinovini qayta topshirish talab etilmaydi.
2-bosqichda talabgorlar elektron platformada notarial harakatlar loyihalarini tayyorlash va muammoli masalaga (kazusga) javob berish (tayyorlanishga 20 daqiqa vaqt ajratiladi) bo‘yicha sinovdan o‘tadi.
2-bosqich natijasi bo‘yicha to‘plangan ball eng yuqori ballning 55 foizidan yuqori bo‘lganda yagona tanlovdan o‘tgan hisoblanadi.
Mazkur hujjat 2026 yil 1 apreldan eʼtiboran kuchga kiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21120 | Инструменты