Toshkentda ijaradagi uyda narkolaboratoriya tashkil qilgan talaba qo‘lga olindi

Toshkent shahrida ijara uyda narkolaboratoriya tashkil etilgani aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda 18 yoshli qiz va 2003 yilda tug‘ilgan talaba yigit ijarada yashaydigan xonadonda narkolaboratoriya tashkil etgani aniqlangan.

Ular 2025 yil sentyabr oyidan buyon Telegram‘dagi narkodo‘konda kuratorlar topshiriqlariga asosan prekursorlarni tashkil qilish va sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash bilan shug‘ullanib kelgan. Mazkur manzildan 1 kg mefedron sintetik giyohvandlik vositalari hamda narkolaboratoriyada foydalanish uchun zarur bo‘lgan asbob va uskunalar daliliy ashyolar tariqasida hujjatlashtirib olingan.

Tezkor tadbirda qo‘lga olingan kimyogar talaba yigitning mobil telefoniga kelgan geolokatsiya bo‘yicha yo‘nalish tashkil qilinib, Yangihayot tumanidagi dala maydonida “zakladka” usulida ko‘mib ketilgan 1 kg sintetik giyohvandlik vositalari topilgan.

Toshkent shahri hududida davom ettirilgan tezkor qidiruv tadbirlarida ushbu giyohvand vositalarini geolokatsiyalarga “zakladka” usulida tarqatib kelgan 9 kishi ushlangan. Ulardan 3 nafari talaba. Shuningdek, xuddi shunday zakladchik lavozimida ishlab kelgan yana 6 nafar shaxs qo‘lga olingan. Ular orasida bu ish bilan oilaviy shug‘ullanib kelgan fuqarolar ham borligi bildirilgan.

Tezkor tadbir davomida jami 10 ming dozaga teng bo‘lgan 2 kg sintetik giyohvand vositasi tarqalishining oldi olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 3-qismi “b” bandi (uyushgan guruh tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21119 | Инструменты