Isroil jumaga o‘tar kechasi Erondagi nishonlarga zarba bera boshladi. Mamlakat rasmiylari Eron yadro dasturiga hujum qilganini ma’lum qildi va Tehronning javob zarbalariga tayyorlanib, favqulodda holat e’lon qildi.
Binyamin Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, Tehron to‘qqizta atom bombasini ishlab chiqarish uchun yetarli darajada yuqori boyitilgan uranga ega bo‘lgan, so‘nggi oylarda esa bu uranni yadro quroliga aylantirish uchun «qadamlar qo‘ygan».
«Biz Eron yadroviy dasturining yuragiga zarba berdik. Biz Natanzdagi uranni boyitish bo‘yicha asosiy obektni nishonga oldik. [...] Shuningdek, biz Eronning ballistik raketalar yaratish dasturining yuragiga zarba berdik», – degan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu videomurojaatida va harbiylar Eronning yadroviy olimlarini ham aniq nishonga olganini qo‘shimcha qilgan.
Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, operatsiya Eron tomonidan tahdidni bartaraf etish uchun qancha kun kerak bo‘lsa, shuncha davom etadi.
«Agar Eron to‘xtatilmasa, u juda tez orada yadro quroliga ega bo‘lishi mumkin. Bu bir yil bo‘lishi mumkin, bir necha oy bo‘lishi mumkin. Bu Isroilning mavjudligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri va aniq tahdiddir», – deydi Netanyahu.
Operatsiya boshlanganini e’lon qilarkan, Isroil mudofaa vaziri Israel Kats mamlakatda «alohida favqulodda holat» joriy etilgani va Eron tez orada javob hujumi boshlashi kutilayotganini aytdi.
«Isroil davlatining Eronga preventiv zarbasidan so‘ng yaqin vaqtlar ichida Isroil va uning tinch aholisiga raketa va dronlar bilan hujum qilinishi kutilmoqda», – deyiladi bayonotda.
Eron davlat ommaviy axborot vositalari Isroil Tehron va boshqa shaharlardagi turar joylarga zarbalar bergani haqida yozgan.
Zarbalar oqibatida Tehronda vayron bo‘lgan turar joy binolari tasvirlari e’lon qilingan.
Avvaliga Islom inqilobi muhofizlari korpusining Eron poytaxtidagi shtab-kvartirasiga zarba berilgani xabar qilingandi.
Keyinroq zarba oqibatida Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Husayn Salomiy halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Korpus Isroildan uning o‘limi uchun qasos olishga va’da berdi.
Undan tashqari yana ikki yuqori martabali harbiy qo‘mondon – Eron qurolli kuchlari birlashgan shtab bosh qo‘mondoni general Muhammad Bag‘iriy va Eron qurolli kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari – «Xatam-al-Anbiya» markaziy shtabi qo‘mondoni, general G‘ulom Ali Rashid ham halok bo‘lgan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, olti nafar yadrochi olim, xususan Eron atom energetikasi tashkilotining sobiq rahbari Fariddun Abbosiy va fizik Muhammad Mahdiy Tehronchi ham o‘ldirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61413 | Инструменты