Moskva 1200 nafar Ukraina fuqarosi, jumladan harbiy xizmatchilarning jasadini Kiyevga topshirdi. Bu haqda 13 iyun, juma kuni Telegramʼdagi kanalida harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha Ukraina muvofiqlashtirish shtabi xabar berdi. Jarayon Istanbuldagi kelishuvlarga muvofiq amalga oshirildi.
Muvofiqlashtirish shtabi xodimlari, Ukraina Xavfsizlik xizmati, Qurolli kuchlar, Ichki ishlar vazirligi, Oliy radaning Inson huquqlari bo‘yicha vakili ofisi va boshqa tuzilmalarning birgalikdagi faoliyati natijasida jasadlar qaytarildi.
«Huquqni muhofaza qilish organlari tergovchilari IIV ekspertiza muassasalari bilan birgalikda barcha zarur ekspertizalarni o‘tkazadi va repatriatsiya qilinganlarning shaxsini aniqlaydi», — deya taʼkidladi muvofiqlashtirish shtabi.
Ukraina tomoni Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga ko‘rsatgan yordami uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61503 | Инструменты