Islom inqilobi muhofizlari korpusi bosh qo‘mondoni Husayn Salomiy Isroilning Eron bo‘ylab aviazarbalari qurboni bo‘lgan, bu haqdagi ma’lumotni IRNA davlat axborot agentligi tasdiqladi.
U bilan birga Eron qurolli kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari – «Xatam-al-Anbiya» markaziy shtabi qo‘mondoni, general G‘ulom Ali Rashid hamda yadro dasturi ustida ish olib borayotgan olimlar – fizik Muhammad Mahdiy Tehronchi va atom energetikasi bo‘yicha tashkilot rahbari Fariddun Abbos Davoniy halok bo‘lgan.
Shuningdek, zarbalar oqibatida Eron qurolli kuchlari birlashgan shtab bosh qo‘mondoni general Muhammad Bag‘iriy ham halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
IRNA agentligi yozishicha, Tehronning o‘zida zarbalar vaqtida tinch aholi vakillaridan kamida o‘n kishi halok bo‘lgan.
13 iyunga o‘tar kechasi Isroil harbiy-havo kuchlari Eron hududi bo‘ylab davomli zarbalar yo‘lladi. Bosh vazir Binyamin Netanyahuning ma’lumotiga ko‘ra, «ogohlantiruvchi zarbalar» nishonlari – Eron yadro infratuzilma obektlari, shuningdek, ballistik raketalar ishlab chiqariladigan zavodlar bo‘lgan. Operatsiyaga «Sherdek xalq» nomi berilgan. Tehrondan tashqari, Natanz, Fordo, Tabriz, Xurramobod va mamlakatning boshqa shaharlaridagi harbiy va yadroviy obektlar hujumga uchragan. Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, amaliyot qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt davom ettiriladi. Isroilda favqulodda holat e’lon qilingan va zaxiradagilar shoshilinch ravishda xizmatga chaqirilmoqda. Mamlakat havo kengligi yopilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61413 | Инструменты