Huawei 1
Eron Isroilga javob zarbasini yo‘lladi

13 iyun kuni Isroil tomonidan Eronga qarshi amalga oshirilgan keng ko‘lamli hujumlardan so‘ng, Eron Isroilga qarshi o‘z javob zarbalarini yo‘lladi. Bu haqda Isroil Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Eron harbiy kuchlari tomonidan Isroil hududiga qarata 100 dan ortiq dron va ballistik raketalar uchirilgan. Isroil Mudofaa kuchlari ushbu zarbalarni tasdiqlagan va havo mudofaa tizimlari zudlik bilan ishga tushirilgan. SAXAL rasmiy bayonotida aytilishicha, Isroil havo mudofaasi katta miqdordagi hujumchi dron va raketalarni tutib qolishga muvaffaq bo‘lgan.

“Bir necha daqiqa avval Eron hududidan Isroil hududiga raketalar uchirilgani aniqlangan. Mudofaa tizimlari tahdidlarni bartaraf etish uchun faoliyat yuritmoqda”, deyiladi Isroil tomonining bayonotida.

Dronlar va raketalar Eronning janubidagi Fors viloyatidan uchirilgani qayd etilgan. Eron harbiylari bu hujum orqali Isroilning yadroviy inshootlari va harbiy rahbariyatga qaratilgan zarbalarga javoban kuch namoyish qilganini ma’lum qilgan.

Isroil esa o‘z aholisidan zarba berilgan joylarning manzili va tasvirlarini nashr etmaslik va tarqatmaslik zarurligini ta’kidlagan.

“Dushman bu tasvirlarni kuzatib, o‘z zarba berish imkoniyatlarini yaxshilashga harakat qiladi. Mas’uliyatli bo‘ling – joylashuvlarni internetda tarqatmang!” deyiladi Isroil bayonotida.

Hozircha Isroil tomoni bu hujum oqibatida zarar va talofatlar haqida rasmiy ma’lumot bermagan. Biroq harbiy tahlilchilar vaziyatni nihoyatda xavfli deb baholamoqda. Mojaroning yanada kengayish xavfi mavjud bo‘lib, butun Yaqin Sharq mintaqasida barqarorlik jiddiy tahdid ostida qolmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61416 | Инструменты