Eronning yuqori martabali harbiy amaldori Tehron Isroilning mamlakat hududiga bergan aviazarbalariga qat’iy javob qaytarishini ma’lum qildi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.
“Dushmanlar qurolli kuchlardan qat’iy javob kutsin. Qurolli kuchlarimiz bunga har tomonlama tayyor va albatta qat’iy javob beradi. Qasos hal qiluvchi bo‘ladi va sionistik rejim va Qo‘shma Shtatlar buning haqqini to‘laydi”, dedi Eron qurolli kuchlari generali Abolfazl Shekarchi.
Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Isroil bu zarbasi bilan “o‘zi uchun achchiq va og‘riqli taqdir tayyorlaganini” va “qattiq jazo” kutishi kerakligini bildirgan.
“Islom respublikasi qurolli kuchlarining qudratli qo‘li uni tinch qo‘ymaydi. Dushman hujumida bir necha sarkarda va olimlar halok bo‘ldi. Ularning o‘rinbosarlari va safdoshlari, Allohning irodasi bilan, o‘z vazifalarini kechiktirmasdan bajaradi”, dedi Oyatulloh Ali Xomanaiy.
13-iyunga o‘tar kechasi Isroil rejimi Eronga yirik havo hujumi uyushtirgan. Unda ko‘plab tinch aholi, askarlar, harbiy rahbarlar va olimlar halok bo‘lgan. Isroil harbiylari Eronga qarshi “oldindan ogohlantiruvchi” harbiy zarbalar boshlanganini tasdiqlab, zarbalar Tehronning yadroviy obyektlariga, o‘nlab nishonlarga berilganini aytgan.
Eron tashqi ishlar vaziri Isroil tomonidan berilgan zarbalarga javob qaytarilishini aytdi. Abbos Aroqchiga ko‘ra, Isroil tajovuziga javob berish, BMT nizomining 51-moddasiga muvofiq, Eronning qonuniy va legitim huquqi hisoblanadi.
Sionistik rejim bu hujumni AQShning muvofiqlashtiruvi va roziligisiz amalga oshirolmas edi. Asosiy homiy sifatida AQSH ham bu oqibatlar uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi, degan vazir.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio harbiy operatsiyada AQSHning ishtiroki va yordami bo‘lmaganini ta’kidlab o‘tgan.
Bugun tunda Isroil Eronga qarshi bir tomonlama chora ko‘rdi. Biz bu harakatda ishtirok etmayapmiz va bizning ustuvor vazifamiz mintaqadagi Amerika kuchlarini himoya qilishdir, deyiladi uning bayonotida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61411 | Инструменты