Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eron xalqiga videomurojaat yo‘llab, uning mamlakati eronliklarni dushman deb hisoblamasligini aytdi va ularni o‘z hukumatiga qarshi chiqishga chaqirdi. Bosh vazirning bu haqdagi murojaati YouTube kanalida e’lon qilindi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, eronliklar o‘z hukumatining “zulmiga” qarshi chiqishi kerak.
“Oyatulloh rejimi deyarli 50 yildan beri sizni zulm ostida ushlab kelmoqda va bizning mamlakatimiz – Isroil davlatini yo‘q qilish bilan tahdid qilmoqda. Isroilning harbiy amaliyotidagi maqsad – rejimdan kelayotgan yadroviy va raketa xavfini bartaraf etishdir. Biz maqsadimiz sari harakatlanar ekanmiz, sizlarga ham ozodlikka erishish yo‘lini ochib beryapmiz”, degan Bosh vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron va Isroil xalqlari qadimdan, eramizdan avvalgi VI asrda hukmronlik qilgan Fors podshohi Kir II davridan beri do‘st bo‘lib kelgan.
“Bu – sizning ovozingiz eshitilishi uchun turish vaqti. Eron xalqi yovuz zolimlar rejimidan ozod bo‘lish uchun o‘z bayrog‘i va tarixiy merosi atrofida birlashish vaqti keldi”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61504 | Инструменты