Huawei 1
Bugun — Butunjahon donorlar kuni

2005 yil may oyida JSSTning Xalqaro Assambleyasida dunyo davlatlari sog‘liqni saqlash vazirlari yakdillik bilan beg‘araz qon donorligini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi taklifni maʼqullagan edi.

Shundan buyon har yili “14 iyun — Butunjahon donorlar kuni” sifatida keng nishonlanadi. Jumladan, yurtimizda ham!

So‘nggi yillarda mamlakatimizda noyob yurak operatsiyalari, inson tana aʼzolarini ko‘chirib o‘tkazish kabi murakkab amaliyotlarning yo‘lga qo‘yilishi hamda xavfli kasalliklar diagnostikasining yaxshilanishi sababli sifatli qon komponentlariga bo‘lgan ehtiyoj yana-da ortdi.

Shu bois O‘zbekistonda beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish, uni aholi orasida keng targ‘ib etish, qon quyish stansiyalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Jumladan, Qonun (O‘RQ-1041-son, 28.02.2025 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga bir yo‘la beriladigan pul mukofoti oshirilib, (BHM)ning 15 baravari etib belgilandi. Vaholanki, ilgari bu raqam BHMning 5 baravari miqdorida edi.

Shuningdek, ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan donorlar o‘zlari uchun qulay vaqtda har yilgi mehnat taʼtiliga chiqishi mumkin va ular shahar yo‘lovchi transportidan (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanadi. Sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun esa yo‘llanmalarni navbatsiz olish huquqiga ega.

Maʼlumot o‘rnida aytish kerak, bugun mamlakatimizda Respublika qon quyish markazi, Toshkent shahar “Qon preparatlari” IICHK, 13 ta hududiy va 2 ta respublika tasarrufidagi qon quyish stansiyasi hamda davolash muassasalarining 11 ta qon quyish bo‘limlarida qon va uning tarkibiy qismlari yig‘ilmoqda.

JSST tavsiyalariga ko‘ra, aholini qon tarkibiy qismlari bilan taʼminlash uchun qon topshirishlar soni 1000 nafar aholiga kamida 10 nafar yoki aholining 1 foizini tashkil qilishi kerak. Yurtimizda bu ko‘rsatkich 1000 nafar aholiga 9 tani tashkil etmoqda. Aytish lozimki, yurtimizda 2022 yil 122 tonna, 2023 yil 130,6 tonna va o‘tgan 2024 yilda 148 tonna sifatli qon tayyorlandi.

Maʼlumot uchun, yurtimizda 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan, vazni 50 kg.dan yuqori, gemoglabin miqdori erkaklarda 128, ayollarda 120 bo‘lgan har bir shaxs donor bo‘lishi mumkin. Yiliga har bir shaxs 4 martagacha qon topshirish imkoniga ega. Har bir topshirilgan qonning maksimal miqdori 450 millilitr.

Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi yurtdoshlarimizni beg‘araz donor bo‘lishga chaqiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61504 | Инструменты