Huawei 1
Yozda eng xavfli ovqatlar qaysi?

Yoz oylarida ovqatdan zaharlanish holatlari keskin ortadi. Issiq havo bakteriyalar ko‘payishi uchun ideal muhit yaratgani bois, ayrim mahsulotlarni iste’mol qilishda ehtiyot bo‘lish zarur. Bu haqda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha rossiyalik ekspert Yelena Spetsenko ogohlantirdi.

Mutaxassisning aytishicha, ayniqsa oqsilga boy va tez buziladigan mahsulotlar eng katta xavf ostida: “Mol va parranda go‘shti, ayniqsa pishgan kabob yoki kolbasa mahsulotlari bir necha soat quyoshda tursa, ichak tayoqchasi (E. coli) yoki salmonella kabi xavfli bakteriyalarning manbasiga aylanishi mumkin”, — deydi Spetsenko.

Shuningdek, u sut mahsulotlari, ayniqsa tvorog, smetana, yogurt va yumshoq pishloqlar haqida ham ogohlantirdi. To‘g‘ri saqlanmagan holatda ular yaroqlilik muddati tugamagan bo‘lsa ham, sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Kremli shirinliklar esa eng sezilmas tarzda buziladi va zaharlanishga sabab bo‘lishi mumkin.

Baliq va dengiz mahsulotlari ham yuqori haroratda juda tez buziladi. Ekspertning fikricha, hatto ozgina noxush hid ularning iste’mol uchun yaroqsizligidan darak beradi.

Mayonezli va sosli salatlar, ayniqsa ochiq havoda saqlanganda, bakteriyalar uchun ideal muhitga aylanadi. Spetsenko shunday deydi: “Bunday salatlar hatto yangi tayyorlangan bo‘lsa ham, tashqarida bir soatdan ortiq tursa, mikroorganizmlar faol ko‘payishni boshlaydi”.

Ushbu xavfli holatlardan saqlanish uchun u quyidagi tavsiyalarni beradi:

Tez buziladigan mahsulotlarni faqat ishonchli joydan xarid qiling

  • Mahsulotning saqlash muddati va sharoitlariga e’tibor bering
  • Ko‘cha ovqatlaridan voz keching
  • Tayyor ovqatlarni faqat sovuqda saqlang
  • Zaharlanish belgilari (ko‘ngil aynishi, diareya, holsizlik) kuzatilganda darhol shifokorga murojaat qiling.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61414 | Инструменты