Loyiha doirasida ko‘l atrofida sayr yo‘laklari qurilib, o‘rindiqlar o‘rnatiladi. Hududda hozirda o‘sayotgan 66 tup manzarali daraxtning barchasi saqlab qolinishi, qo‘shimcha ravishda yangi daraxtlar ekilishi rejalashtirilgan.
Toshkent shahri Uchtepa tumanining Qo‘rg‘ontepa mahallasida sun’iy ko‘l va dam olish hududini barpo etish ishlari boshlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, loyiha 340- va 346-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlari oralig‘idagi 90 sotix bo‘sh maydonda amalga oshirilmoqda. Bu yerda 0,37 gektarlik, chuqurligi 2 metr bo‘lgan sun’iy suv havzasi tashkil etiladi.
Ko‘l drenaj quduqlari hamda ariqlardan keladigan suv oqimi hisobiga to‘ldirilishi ko‘zda tutilgan. Suv havzasida cho‘milishga ruxsat berilmaydi.
Loyiha doirasida ko‘l atrofida sayr yo‘laklari qurilib, o‘rindiqlar o‘rnatiladi. Hududda hozirda o‘sayotgan 66 tup manzarali daraxtning barchasi saqlab qolinishi, qo‘shimcha ravishda yangi daraxtlar ekilishi rejalashtirilgan.
Hokimlik ma'lumotiga ko‘ra, sun’iy ko‘l hududdagi chang miqdorini kamaytirish, mikroiqlimni yaxshilash va aholi uchun dam olish sharoitlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda. Qurilish ishlarini 2026-yil oxirigacha yakunlash mo‘ljallangan.
Eslatib o'tamiz, avvalroq mana shu manzilda qurilayotgan ko'l sabab noqonuniy ravishda darxtlar kesib tashlangan. Ekologiya qo'mitasi natijada o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdorini amaldagi qonunchilik talablari asosida 599 million 720 ming so‘m etib hisoblagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102411 | Инструменты