Toshkentda ikki kishi buyurtma asosida odam o‘g‘irlashda gumonlanib qo‘lga olindi

Toshkentda ikki kishi buyurtma asosida odam o‘g‘irlashda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

IIVning Tezkor qidiruv departamentiga fuqaro murojaat qilib, noma’lum shaxslar uni avtomobilda majburan olib ketganini, qarshilik ko‘rsatib qochib ketishga muvaffaq bo‘lganini bildirgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida bu holatga aloqadorlikda gumonlangan ikki kishi qo‘lga olingan.

Gumonlanuvchilar 23 va 28 yoshli, Toshkent shahrida tug‘ilgan fuqarolar bo‘lib, muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan sudlangan. Ular foydalangan avtomobil ko‘zdan kechirilganda, yukxonadan bolta topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

IIV ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchilarning telefonlarida buyurtmachi bilan Telegram orqali yozishmalar aniqlangan. Unda birinchi fuqaroni qanday bo‘lmasin buyurtmachining oldiga olib borish topshirig‘i berilgan.

Shuningdek, yozishmalarda yana bir fuqaroni ham majburan olib kelish haqida ko‘rsatma bo‘lgan. U qarshilik ko‘rsatsa, bo‘yniga elektroshoker bilan zarba berish va uxlatib bo‘lsa ham manzilga olib borish buyurilgan.

IIV tarqatgan videoda gumonlanuvchilardan biri elektroshoker haqidagi gaplarni hazil tariqasida aytganini bildirgan. Biroq vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ular ikkinchi fuqaroning ishxonasi oldida qariyb to‘rt soat kutgan. Uning xizmat safariga ketganini bilgach, ikkinchi fuqaroni olib ketish rejasi boshqa kunga qoldirilgan.

Holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “b” va “v” bandlari (g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan odam o‘g‘irlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ichki ishlar vazirligi fuqarolarni tovlamachilik, zo‘ravonlik va tahdid orqali pul talab qilish yoki turli xizmatlarni majburan tekin bajartirish holatlariga duch kelganda ichki ishlar organlariga murojaat qilishga chaqirdi. Bunday murojaatlarda fuqaroning shaxsi sir saqlanishi ta’kidlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110620 | Инструменты