O'zbekistonda 132 ta qurilish tashkiloti shartnomasida xaridorlar huquqini cheklovchi shartlar aniqlandi

Raqobat qo‘mitasiga 2026 yilning 9 oyi davomida qurilish sifati va uylarning o‘z vaqtida topshirilmayotgani bo‘yicha fuqarolardan 1700 dan ortiq shikoyat kelib tushgan.

Murojaatlar natijasida iste’molchilar foydasiga qariyb 14,5 mlrd so‘m qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.

Qo‘mita 12 ta hududdagi 132 ta qurilish tashkilotining ulushli qurilish shartnomalarini tahlil qilib, quyidagi kamchiliklarni aniqlagan:

- 77,3 foiz shartnomada bekor qilinganda pulni qaytarish muddati belgilanmagan yoki noto‘g‘ri ko‘rsatilgan;
- 63,6 foizida xonadon uchun kafolat muddati yo‘q;
- 59,1 foizi asosan quruvchi manfaatlarini ko‘zlab tuzilgan;
- 54,5 foizida kafolat davrida aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish majburiyati belgilanmagan;
- 50,8 foizida qurilish kechiktirilganda quruvchi to‘laydigan penya ko‘rsatilmagan;
- 33,3 foizida uyni topshirishning aniq muddati yo‘q;
- 30,3 foiz shartnoma davlat tilida emas, rus tilida tuzilgan.

Shuningdek, ayrim shartnomalarda xaridor shartnomani bekor qilsa, to‘langan pulning 4–15 foizini ushlab qolish, mablag‘ni xonadon qayta sotilganidan keyingina qaytarish va uy narxini bir tomonlama oshirish kabi shartlar ham aniqlangan.

Raqobat qo‘mitasi aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli idoralarga takliflar kiritgan.

Fuqarolarga eslatma: yangi xonadon sotib olishda shartnomani imzolashga shoshilmang. Undagi har bir bandni diqqat bilan o‘rganing, zarur bo‘lsa, huquqshunos bilan maslahatlashing.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110616 | Инструменты