Prezident Markaziy Osiyo yetakchilarining Aqaba jarayoni doirasidagi uchrashuvida ishtirok etdi

Tadbirda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, shuningdek, raqamli texnologiyalarning rivojlanishi bilan bog‘liq yangi xatar va tahdidlar masalalari ko‘rib chiqildi.

Prezident o‘z nutqida xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi sharoitda Aqaba jarayonining ahamiyatini yuksak baholadi.

Sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi insoniyat uchun ulkan imkoniyatlar yaratish bilan birga, yangi tahdidlarni ham yuzaga keltirayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan sifatli ta’lim va inson salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish xavfsizlikning muhim poydevori ekani ta’kidlandi.

Davlat rahbari ma’rifat va ilmga intilishdek gumanistik an’analarni zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan uyg‘unlashtirish maqsadida “Inson manfaatlari yo‘lida raqamli taraqqiyot” tashabbusini ilgari surdi. Uning asosiy maqsadi sun’iy intellekt salohiyatini bilimlarni keng tarqatish, o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash va shaxs kamoloti uchun yangi imkoniyatlar yaratishga yo‘naltirishdan iborat.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sun’iy intellektni boshqarish masalalari bo‘yicha global muloqoti qo‘llab-quvvatlandi.

Global sa’y-harakatlarga amaliy hissa qo‘shish maqsadida O‘zbekistonda BMTning Aksilterror boshqarmasi mintaqaviy ofisini ochishga tayyorlik bildirildi. Ushbu ofis Markaziy Osiyo mamlakatlariga terrorchilik mazmunidagi materiallar haqida ogohlantirish kanallarini ishga tushirish va ularning faoliyatini ta’minlash, terrorizmni moliyalashtirish holatlarini aniqlash, mutaxassislar malakasini oshirish hamda bu jarayonlarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatadi.

Shuningdek, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida “Raqamli davrda jaholatga qarshi ma’rifat” xalqaro dasturini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Uning asosiy vazifalari ko‘p tilli axborot resurslarini yaratish, diniy arboblarni axborot muhitida faoliyat yuritishga tayyorlash, islom dinining insonparvarlik qadriyatlarini targ‘ib etayotgan yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ladi.

Davlat rahbari so‘zining yakunida sun’iy intellektning kelajagi nafaqat texnologik taraqqiyotga, balki undan qanday maqsadlarda foydalanishga ham bog‘liq ekanini ta’kidladi. Shu bois yangi texnologiyalarni tahdidlar manbaiga emas, balki tinchlik, xavfsizlik va inson taraqqiyotini ta’minlashning qudratli vositasiga aylantirish umumiy intilish bo‘lishi lozimligi qayd etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110616 | Инструменты