Suv omborlariga tutash boʻsh yerlar turizm obyektlari uchun onlayn-auksionga chiqariladi

Oʻzbekistonda suv omborlari hamda ularga tutash hududlardagi boʻsh turgan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarida turizm xizmatlarini yoʻlga qoʻyish tizimi belgilandi.

Yangi tartibga koʻra, ushbu hududlarda turistik va rekreasiya obyektlarini joylashtirish hamda turizm xizmatlarini tashkil etishda bir qator majburiy xavfsizlik va ekologik talablarga rioya qilinishi shart. Xususan, tadbirkorlar zimmasiga quyidagi majburiyatlar yuklatiladi:

- Maxsus qutqaruv xizmatini tashkil etish yoki professional qutqaruv tuzilmalari bilan shartnoma asosida doimiy navbatchilikni yoʻlga qoʻyish;

- Kichik hajmli kemalar va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) xavfsiz foydalanish qoidalariga qatʼiy rioya etish;

- Turizm obyektlarida hosil boʻladigan maishiy chiqindilarni muntazam olib chiqib ketish boʻyicha ixtisoslashgan xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish.

Shuningdek, dam oluvchilarga qulaylik yaratish maqsadida hududlarda raqamli xaritalar, onlayn bron qilish tizimlari hamda QR-kodli navigatsiya vositalari kabi zamonaviy raqamli infratuzilmalar joriy etilishi belgilangan.

Hujjatda xavfsizlik masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Turizm obyektlarini joylashtirishda suvni va sanitariya muhofaza qilish zonalari, shuningdek, sel hamda koʻchki xavfi yuqori boʻlgan hududlar chegaralari qatʼiy inobatga olinadi.

Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun yer uchastkalari qonunchilikda belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion savdolari orqali shaffof usulda ajratiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110616 | Инструменты