DXX rahbari: Terrorchilar sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda

Bugun 6-noyabr kuni Samarqandda Xavfsizlik masalalari bo‘yicha SHHT plyus birinchi ekspertlik muloqoti bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi DXX Raisi general-polkovnik Bahodir Kurbanov kirish so‘zi bilan ochib berib, ishtirokchilar e’tiborini terrorchilik va ekstremistik tashkilotlar o‘z mafkurasini tarqatish, tarafdorlarni yollash, teraktlarni moliyalashtirish, ularga tayyorgarlik ko‘rish hamda amalga oshirishda raqamli texnologiyalardan faol foydalanayotganiga qaratdi.

"Birgina 2026-yilda ekstremistik va terrorchilik xususiyatiga ega 49 mingdan ziyod internet-resurs aniqlandi. Bu 2025-yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 14% ko‘pdir. Bunday tendentsiya radikal g‘oyalarni targ‘ib qilishda global tarmoqdan foydalanish ko‘lami ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi", — dedi Xizmat raisi.

DXX rahbari 2021–2026-yillarga mo‘ljallangan Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish doirasida idoralararo va xalqaro hamkorlik mexanizmlari takomillashtirilganini ta’kidladi. O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan ishlarning natijalari xalqaro reytinglarda ham o‘z ifodasini topmoqda. 

Jumladan, 2026=yilgi Global terrorizm indeksida O‘zbekiston 96-o‘rinni egallagani (minimal xavf toifasi) ushbu illatga qarshi kurashishda milliy yondashuvning samaradorligini namoyon etdi.

DXX rahbari o‘z nutqida raqamli transformatsiya davrida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtaldi. Ular qatoridan raqamli muhitda terrorchilar faoliyatining yangi shakl va usullarini aniqlash, shuningdek, sun’iy intellektdan terrorchilik maqsadlarida foydalanishning oldini olish o‘rin olgan.

Tadbir doirasida ishtirokchilar xavfsizlikka joriy tahdid va xavf-xatarlar muhokama qiladi hamda xalqaro va mintaqaviy darajada hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yagona chora-tadbirlarni ishlab chiqadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110616 | Инструменты