Surxondaryo viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan ish materiallariga ko‘ra, sobiq Termiz shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i hamda “Mansur Tekstil Termiz” MChJ rahbari o‘zaro til biriktirib, Termiz shahri "Do'stlik" mahallasi Yuridik texnikum hududidagi daraxtlarni ko‘chirish ishlarini tashkil etishga uringan. Bu maqsadda ular o'zaro dastlab 20 million so‘mlik shartnoma rasmiylashtirilgan.
Biroq hududdagi daraxtlar viloyat Ekologiya hamda viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari
tomonidan xatlovdan o‘tkazilib, qimmatli daraxtlarni ko‘chirish va kesish bo‘yicha murojaat qonunchilik talablariga asosan rad etilgan.
Shunga qaramasdan, qurilish hududidagi 61 tup “Eldor qarag‘ayi”, 36 tup “Virgin archasi”, 101 tup “Sharq biotasi”, 16 tup chinor va 4 tup tut daraxti — jami 217 tup daraxt o‘zboshimchalik bilan kesib tashlangan.
Viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori 2 milliard 69 million 437 ming 500 so‘mni tashkil etgan.
Apellyatsiya instansiyasida Termiz Shahar qurilish bo'limi boshlig'i o‘zini aybsiz deb hisoblab, oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan. U suddagi ko‘rsatmalarida daraxtlarni kesishga ruxsat bor deb o‘ylagani va qurilish tashkilotiga faqat “yordam bergani”ni bildirgan.
Biroq sud hay’ati ish bo‘yicha to‘plangan dalillar, guvohlar ko‘rsatmalari hamda ekspertiza xulosalarini atroflicha tahlil qilib,Termiz shahar qurilish bo'limi boshlig'iga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topdi.
Sud hukmiga ko‘ra, unga ish haqining 20 foizi davlat daromadi hisobiga ushlab qolinadigan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Dastlabki qamoqda saqlangan muddati inobatga olinib, o‘tashi lozim bo‘lgan yakuniy jazo muddati 1 yil 5 oy 15 kun etib belgilandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52322 | Инструменты