Senator Qudratilla Rafiqov O‘zbekiston gerbidagi ramzlar haqida fikr bildirdi

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov «xalqaro diplomatiya sahnasiga» aylangan Samarqand hamda ushbu viloyatni boshqargan prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy yo‘li haqidagi yangi keng ko‘lamli maqolasida davlat ramzlari mavzusiga to‘xtalib o‘tdi.

Uning fikricha, mustaqillikka erishilganidan keyin ham mamlakat gerbida paxta va bug‘doy tasvirlarining saqlab qolinishi avvalgi tuzum bilan mafkuraviy bog‘liqlikni aks ettirgan.

Muallifning yozishicha, O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki o‘n yilliklarida erkinlik ko‘p jihatdan “nazariy” tusda qolgan, «hurriyatning o‘zi esa qaysidir maʼnoda «qaram mustaqillik»dek tuyular edi».

«Ko‘cha va xiyobonlarimizga osiladigan shiorlarimiz ham buni bot-bot eslatib turardi: «Yangi uy qurmay turib, eskisini buzma!» (birinchi prezident Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan rivojlanishning fundamental tamoyillaridan biri — tahr.). Aynan mana shu eskisini buzmay saqlab qolish “anʼanasi” millat va davlat “kodi” maqomidagi milliy ramzlarimizda ham o‘z «tarovati va teran go‘zalligi»ni aks ettirishga ulgurdi», — deb hisoblaydi Rafiqov.

«Mustaqillikka erishganimizdan keyin ham gerbimizdagi chambarakka alvon-la o‘ralgan „iftixorimiz ramzi“ bo‘lgan paxta va g‘alla tasvirlari o‘zgarmadi. Nega?» — deya savol qo‘yadi senator.

Rafiqov prezident Shavkat Mirziyoyev o‘sha yillari paxtadan keladigan daromad «hatto bir milliard dollarga ham yetmaganini» bir necha bor taʼkidlaganini eslatib o‘tadi. Shu sababli senator: «Shu holicha ham ushbu dehqonchilik mahsulotlari bizning ijtimoiy-maʼnaviy identligimizni belgilashi kerakmidi?» — deya so‘raydi.

«Biz o‘z asriy orzu-armonlarimiz, ulug‘ niyatlarimiz va bu jahondagi ruhoniy “o‘zligimiz”ni shu o‘simliklar siymosida ko‘rishimiz kerakmi?.. Albatta, bu mustaqillikdan keyin ham bir oyog‘imiz mafkuraviy jihatdan sobiq tizim xarobalari uzra qolib ketganini anglatadi», — deb yozadi u.

Qudratilla Rafiqov buni sovet va postsovet davri tafakkurining yana-da keng qamrovli muammosi bilan bog‘laydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha davrda ijtimoiy ritorika asosan dalalar, hosil, paxta va g‘alla atrofida aylangan, bu esa erkin fikrlash maydonini toraytirib qo‘ygan edi.

«Sobiq markazdan kelib dalaga qanday qadab ketgan bo‘lsa, istiqlolga erishganimizdan keyin ham tafakkuru ongimiz uzoq yil egatlar orasida qoldi… Chuqurroq o‘ylab ko‘rilsa, ayni safarbarlik ortida «strategik ahamiyat»dan bo‘lak yana bir muddao — jamiyatni manipulyatsiya qilish istagi ham yashiringandek edi», — deb yozadi senator.

Muallifning taʼkidlashicha, paxta, g‘alla va ziroatchilik ijtimoiy hayotda uzoq vaqt davomida, xuddi sovet davridagidek, «ijtimoiy-siyosiy kult» maqomini saqlab qolgan.

«Yaʼni odam tinimsiz nimagadir undab turilsa, matbuot ertadan to kech zarbdorlik, dala ishlari, yetib bo‘lmaydigan „plan“ haqida muttasil gapiraversa, bu holat har qanday erkin tafakkurga ham putur yetkazadi», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Rafiqovning fikricha, aynan mana shu narrativ «Mirziyoyev davri dunyoqarashimizni qanday o‘zgartirganini» ko‘rsatib beradi. U ilgari «nafaqat aktual, balki siyosiy ahamiyat kasb etgan» qishloq xo‘jaligi haqidagi gurunglar bugungi kunda qo‘rli o‘rnini yo‘qotganini taʼkidlaydi.

«Shuning uchun ham bu mavzuda yozish va o‘qish endilikda nafaqat anʼanadan chiqdi, balki mohiyatan zerikarli, primitiv bo‘lib qoldi», — deb taʼkidlaydi senator.

«Ongimizda sokin amalga oshgan, hali deyarli tahlil etilmagan ayni yangilanishlar bir narsani ochiq eslatib turadi: bizda ittifoq parchalangandan keyin ham erkinlik masʼuliyatidan xavotir hissi bor edi (ehtimol, bu siyosiy hokimiyatni «yo‘qotib qo‘yish»dan qo‘rqish bo‘lgandir). Jumladan, traditsional tutumlardan voz kechmaslik, boshqaruv hamda jamiyat hayotidagi «anʼanaviy ruh»ni saqlab qolishga intilish sezilar, shuning uchun shiorlarimiz ham, hali aytganimdek, milliy ozodlikdan ko‘ra ko‘proq yaqin o‘tmishga qayta chorlayotgandek tuyulardi», — deya davom etadi u.

«Vaqt shuni ko‘rsatdiki, mustaqilligimiz va o‘zligimizni ifoda etuvchi simvollarimiz — davlat ramzlarimiz mohiyatida ham o‘tgan asrning 90-yillaridagi siyosiy xavotir, qo‘rquv va ikkilanish tajassum topgan», — deb yozadi Rafiqov.

U bu holatni nemis faylasufi Erix Fromm tasvirlagan «ozodlikdan qochish» fenomeniga o‘xshatadi. Muallifning so‘zlariga ko‘ra, bu mulohazalar nafaqat tarixning alohida bosqichlarini, balki mamlakatga bo‘lgan qarashdagi o‘zgarishni ham ko‘rishga yordam beradi.

«Aytilgan mulohazalar bizning tasavvurlarimizda bugun mamlakatimizning uch xil xarakterdagi ko‘rinishini aks ettirishi bilan nihoyatda ahamiyatli: „sovet O‘zbekistoni“, „postkommunistik O‘zbekiston“ va „Yangi O‘zbekiston“…», — deya xulosa qiladi Qudratilla Rafiqov.

Senatorning maqolasi eʼlon qilinganidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda gerbni yangilash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlovchi postlar paydo bo‘ldi. Shu bilan birga, mamlakatda jiddiy eʼtibor talab qiladigan boshqa ko‘plab masalalar ham mavjudligi haqidagi fikrlar ham yangramoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52214 | Инструменты