O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, muborak Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash, insonparvarlik va saxovat tamoyillarini yanada mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Qarorga ko‘ra, og‘ir kasalliklarga chalingan minglab bolalar va bemorlarning tibbiy tekshiruv, davolanish hamda jarrohlik amaliyoti xarajatlari qoplanadi. Jumladan, 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi, onkologik va gematologik kasallikka chalingan bemorlarni davolash hamda transplantatsiya amaliyotlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, yetim bolalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, Mehribonlik uylari va oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari hamda Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan insonlarning farzandlari uchun moddiy ko‘mak ajratiladi.

Qaror doirasida masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish, zamonaviy tahoratxonalar qurish, ehson dasturxonlari tashkil etish hamda mehr-saxovat tadbirlarini o‘tkazish ham nazarda tutilgan.

Mazkur tashabbuslar xalqimizga xos mehr-oqibat, bag‘rikenglik va inson qadri ulug‘lanayotganining yana bir amaliy ifodasi sifatida baholanmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52219 | Инструменты