Davlat rahbarining tegishli topshirig‘i ijrosini bajarish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining “Qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori (267-son, 21.05.2026-yil) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, respublikada mavjud 10 mingdan ziyod qabristonlarni obodonlashtirish maqsadida 2027-2029-yillarga mo‘ljallangan dastur tasdiqlanib, jami 1,6 trln so‘m mablag‘lar yo‘naltirish belgilandi.
Bunda Dasturni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilandi:
➖ qabristonlarning himoya devorlarini qurish va kirish darvozalarini o‘rnatish va ta’mirlash — mahalliy byudjetlari mablag‘lari;
➖ qabristonlarning bino va inshootlari hamda yo‘l va yo‘laklarini qurish va ta’mirlash — har bir qabriston uchun ochilgan shaxsiy hisobvaraqlarda shakllangan mablag‘lar, homiylik va xayr-ehson mablag‘lari, mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablag‘lari.
Xayr-ehson qilish orqali kelib tushadigan mablag‘larni qabristonni saqlash va obodonlashtirish bilan bog‘liq xarajatlarga yo‘naltirish maqsadida har bir qabriston uchun alohida shaxsiy hisobvaraq ochiladi.
Bungacha xayr-ehson uchun bir tumandagi jami qabriston uchun 1 ta hisobvaraq ochilgani sababli yig‘ilgan mablag‘lar nazorati yo‘lga qo‘yilmagan edi.
Har bir qabriston uchun ochilgan shaxsiy hisobvaraqlarga ixtiyoriy xayr-ehson qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslarning to‘lovlarini qabul qilish uchun tegishli QR-kodlar joriy etiladi. Tushgan mablag‘lar faqat ushbu qabristonlarni saqlash, obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi va boshqa maqsadlar uchun sarflanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52214 | Инструменты