Endi O'zbekistonda aholiga suyultirilgan gaz va koʻmir yetkazib berilishini IIV nazorat qiladi
Ichki ishlar vazirligida aholini suyultirilgan gaz va koʻmir mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, tizimdagi talon-torojliklar hamda korrupsiyaga chek qoʻyish masalalariga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda oʻtgan oy davomida oʻtkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlarning respublika boʻyicha hisoboti eʼlon qilindi. Noqonuniy muomaladan chiqarilgan ushbu mahsulotlar qaytadan aholi ehtiyojlari uchun yoʻnaltirildi. 

Ma'lum qilinishicha, koʻmir taʼminoti boʻyicha jami 16 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, 333 tonna 540 kg koʻmir mahsuloti noqonuniy saqlash va oʻtkazish joylaridan musodara qilindi. Suyultirilgan gaz boʻyicha jami 374 ta holat fosh etildi. Natijada 9 139 dona gaz balloni hamda 92 tonna 936 kg suyultirilgan gaz noqonuniy muomaladan olindi.

Yigʻilishda sohadagi eng jiddiy qonunbuzilish holatlaridan biri sifatida Samarqand viloyatidagi voqea misol keltirildi. Joriy yilning oktyabr oyida “Pastdargʻomtumangaz” gaz taʼminoti korxonasi xodimlari oʻzaro jinoiy til biriktirib, oddiy aholi xonadonlari uchun ajratilgan maishiy gaz ballonlarini maxsus transportlarda tashib, talon-toroj qilayotgan vaqtda qoʻlga olingan. Ushbu reyd davomida qiymati 32 million soʻm boʻlgan 3 tonna 100 kg uglevodorod gazi musodara qilingan. Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kuz-qish mavsumida aholi oʻrtasida noroziliklarni oldini olish va taʼminotda shaffoflikni oʻrnatish maqsadida ichki ishlar organlari hamda hamkor tashkilotlarga quyidagi vazifalar topshirildi:

Shaffof grafik va nazorat: "Hududgaztaʼminot" AJ bilan birgalikda gaz ballonlarini aholiga qatʼiy grafik asosida tarqatish va asossiz toʻlovlarga yoʻl qoʻymaslik.

Xavfsiz logistika: Transport vazirligi bilan hamkorlikda koʻmir va gaz yuklarining temir yoʻl hamda avtomobil yoʻllarida butunligini, belgilangan manzildan chetga chiqib ketmasligini nazorat qilish.

Omborlar qoʻriqlovi: Gaz toʻldirish shoxobchalari va taqsimlash bazalarida qoʻriqlash tizimini kuchaytirish, hisobotlardagi soxta maʼlumotlar ("pripiska")ga chek qoʻyish.

Yigʻilish yakunida barcha masʼul rahbarlarga shaxsan hududlarga chiqqan holda muammolarni joyida hal etish boʻyicha qatʼiy koʻrsatmalar berildi.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110616 | Инструменты