Shavkat Mirziyoyev raisligida Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi. Unda yangi shahar infratuzilmasi va sarmoyaviy loyihalarni markazlashgan holda boshqarish belgilandi, shuningdek, daraxt ekish mavsumidagi sustkashliklar hamda soxta hisobotlar keskin tanqid ostiga olindi.
Yigʻilishda soʻnggi qabul qilingan farmon doirasida investorlar va hududlar uchun joriy etilgan yangi imtiyozlardan samarali foydalanish masalalari koʻrib chiqildi. Davlat rahbari Yangi Toshkentdagi ishlar mutlaqo yangicha yondashuv va qatʼiy ijro intizomi asosida tashkil etilishi lozimligini koʻrsatib oʻtdi. Sarmoyadorlarga toʻsiqlarsiz sharoit yaratish maqsadida har bir investitsiya loyihasi boʻyicha kunlik manzilli nazorat oʻrnatilishi va qurilish maydonlarini tayyorlash ishlari Yangi Toshkent direksiyasi orqali markazlashgan holda amalga oshirilishi taʼkidlandi.
Yangi shaharda qurilish va infratuzilmani rivojlantirish ishlari oʻzaro uygʻun olib borilishi qatʼiy talab etiladi. Barcha kommunikatsiya va yoʻl tarmoqlari obyektlar foydalanishga topshirilgunga qadar toʻliq tayyor holatga keltirilishi shart. Viloyatlarga biriktirilgan hududlar faqat turar joylar bilan cheklanib qolmay, oʻzida zamonaviy biznes, savdo, taʼlim, tibbiyot va madaniyat markazlarini jamlashi hamda yagona meʼmoriy konsepsiya va “yashil qurilish” standartlariga toʻliq mos kelishi zarurligi belgilandi.
Yigʻilish davomida “Yashil makon” loyihasi ijrosi ham tahlil qilindi. Kuzgi daraxt ekish mavsumi boshlanganiga qaramay, Toshkent, Samarqand va Jizzax viloyatlarida ishlar sust ketayotgani, bahorda ekilgan koʻchatlarning uchdan bir qismi nobud boʻlgani va amalda bajarilmagan ishlar hisobotga qoʻshilgani keskin qoralandi. Shu munosabat bilan, koʻchat ekishda son ortidan quvish emas, balki ularning tutib ketishi va uzoq yillar yashashi asosiy mezon boʻlishi taʼkidlandi.
Mutasaddilarga hududlar iqlimiga mos, suvsizlikka va shoʻrlanishga chidamli daraxt turlarini tanlash, koʻp suv talab qiluvchi chim oʻrniga mahalliy manzarali oʻsimliklarni koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, har bir mahallada aholi jon boshiga kamida uch tupdan daraxt ekish hamda joriy yilda ekiladigan koʻchatlarning kamida 90-95 foizi yashab ketishini taʼminlash yuzasidan qatʼiy topshiriqlar berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111821 | Инструменты