Farg‘onada O‘mon kompaniyasi ishtirokida 500 MVt quvvatli quyosh elektr stansiyasi quriladi

Farg‘ona viloyatida 500 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasini barpo etish loyihasini birgalikda rivojlantirish to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Hujjat O‘zbekiston Energetika vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, O‘mon cultonligining Voltamp Energy SAOG hamda mahalliy UET Construction kompaniyalari o‘rtasida tuzildi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va O‘mon sultoni Haysam bin Toriq Ol Said o‘rtasidagi investitsiyaviy va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish kelishuvlari doirasida amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida 350 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etish rejalashtirilgan. Stansiya ishga tushirilgach, yiliga 1 milliard kVt/soat “yashil” energiya ishlab chiqarish va 250 million kub metr tabiiy gazni tejash imkoniyati yaratiladi.

Ayni paytda Voltamp Energy SAOG mutaxassislari stansiya uchun mo‘ljallangan hududni o‘rganib, moliyaviy modelni ishlab chiqmoqda va qisqa muddatda tijoriy taklif taqdim etishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Voltamp kompaniyasining Texnokabel Group bilan hamkorlikda transformatorlar uchun maxsus o‘tkazgichlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, Nura Group bilan esa Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida yuqori kuchlanishli transformatorlar ishlab chiqaruvchi yangi zavod qurish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111821 | Инструменты