O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston dengiz ishlari vaziri Muhammad Junaid Anvar Chaudri bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Muzokaralar chog'ida ikki tomonlama sohaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari – dengiz va quruqlik portlarida terminallar tashkil etish, transport-logistika yo'nalishida yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlarning barcha yo'nalishda o'zaro munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligi, hamkorlikda yangi bozorlarga kirib borishi ularning global iqtisodiyotdagi ulushi mustahkamlanishiga xizmat qilishi, bunda dengiz va quruqlik transport-logistikasi tarmog'i muhim o'rin tutishi e'tirof etildi.
Pokiston dengiz portlarining Osiyo, Yevropa va Afrika o'rtasidagi global logistika zanjirlaridagi muhim geostrategik bo'g'in ekanligi inobatga olinib, bu yerda O'zbekiston yuklari uchun maxsus terminal ochish masalasi ko'rib chiqildi.
Pokiston dengiz ishlari vaziri mazkur tashabbusni qo'llab-quvvatlab, o'zbekistonlik tadbirkorlarni dengiz portlarida off-dok terminal, saqlash va bojxona omborlari kabi infratuzilmalarni birgalikda boshqarishga chaqirdi.
Shuningdek, Termiz shahridagi "Ayritom" erkin savdo hududida pokistonlik hamkorlar bilan birgalikda qo'shma loyihalarni amalga oshirish, jumladan "quruqlik porti" – logistika markazini tashkil etish loyihasi xususida fikr almashildi.
Suhbat chog'ida transport-logistika sohasidagi manfaatli hamkorlikni mustahkamlash maqsadida qo'shma "yo'l xaritasi"ni ishlab chiqish tashabbusi muhokama qilindi.
Bundan tashqari, iqtisodiy diplomatiya yo'nalishidagi hamkorlik masalalari, jumladan baliqchilik, dengiz mahsulotlari yetishtirish va dengiz suvini tuzsizlantirish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish istiqbollariga e'tibor qaratildi.
Ushbu masalalar yuzasidan ikki mamlakat mutasaddi vazirliklari o'rtasida muloqotni davom ettirish, onlayn muzokaralar uyushtirish va o'zaro tashriflarni amalga oshirish bo'yicha kelishib olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62203 | Инструменты