O'zbekistonda jangovar sport musobaqalarini noqonuniy tashkil etish yoki oʻtkazish uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda

Senatning 2-oktabrdagi yalpi majlisida uyushgan jinoyatchilik va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun koʻrib chiqildi.

Qonun bilan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan qator muhim oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, Jinoyat kodeksi jinoiy uyushma faoliyatini moliyalashtirganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma bilan toʻldirilmoqda. Shuningdek, jinoiy uyushma tashkil etilishi yoki uning tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni yashirishga hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish orqali homiylik qilganlik uchun ham alohida javobgarlik belgilanmoqda.

Bundan tashqari, uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan bezorilik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Jinoyat sodir etgunga qadar 14 yoshga toʻlgan shaxslarning uyushgan guruh tarkibida bezorilik sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Majlisda keltirilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda 119 nafar, 2025-yilda 125 nafar, 2026-yilning sakkiz oyida esa 78 nafar shaxs odam o‘limiga olib kelgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatini sodir etgan. 2024−2026-yillarning o‘tgan davrida bunday jinoyatlar oqibatida jami 322 kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Qonun bilan bezorilik oqibatida qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish, shuningdek, jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlgan ogʻir shikast yetkazish uchun javobgarlikni kuchaytirish ham nazarda tutilmoqda.

Yana bir muhim yangilik: Jangovar sport turlari boʻyicha sport musobaqalarini qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki oʻtkazish uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bunday musobaqalarda ishtirok etganlik uchun esa Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda alohida javobgarlik chorasi qo'shilmoqda.

Shuningdek, mazkur jinoyatlar boʻyicha dastlabki tergovni qaysi organlar amalga oshirishiga oid protsessual normalar ham aniqlashtirilmoqda.

Senatorlar oʻz chiqishlarida Qonunning jinoiy uyushmalarning moliyaviy manbalarini cheklash, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, yoshlarni jinoiy muhit taʼsiridan himoya qilish va ogʻir oqibatlarga olib keluvchi zoʻravonlik jinoyatlarining oldini olishdagi ahamiyatini taʼkidladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100315 | Инструменты