O‘zbekistonda 2026-yil yanvar-iyun oylarida nominal ish haqi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4% ga, real ish haqi esa 10,9% ga oshdi. Oʻrtacha oylik ish haqi 7,1 mln soʻmni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning 2026-yil ikkinchi choragi bo‘yicha Mehnat bozori sharhida ma‘lum qilindi.
Soʻnggi davrlarda pul-kredit sharoitlarining qatʼiylashuvi natijasida inflyatsiya darajasining sekinlashishi va nominal ish haqi oʻsish surʼatining nisbatan barqaror saqlanib qolishi koʻrsatkichlar oʻrtasidagi farqni qisqarishiga olib keldi. Natijada, aholi real daromadlarining oʻsishi mehnat bozorida ish haqining oshirilishi bilan emas, balki narxlar oʻsishining sekinlashishi hisobiga shakllanmoqda.
2026 yilning birinchi yarim yilligida eng yuqori oʻrtacha ish haqi moliya va sugʻurta (19,1 mln soʻm) hamda axborot va kommunikatsiya (17,4 mln soʻm) xizmatlari yoʻnalishlarida, eng past ish haqi esa qishloq xoʻjaligi (3,5 mln soʻm) va ijtimoiy xizmatlar (4,7 mln soʻm) sohalarida saqlanib qoldi. Ish haqining yuqori oʻsishi tashish va saqlash (22,8 foiz), ijtimoiy xizmatlar (20,2 foiz) va qurilish (19,9 foiz) tarmoqlarida kuzatildi.
Soʻnggi davrlarda qurilish, sanoat hamda tashish va saqlash sohalarida ish haqi oʻsish surʼati sezilarli tezlashdi. Shuningdek, eng yuqori maosh toʻlanadigan tarmoqlarda ish haqi oʻsish tendensiyasining barqarorlashuvi fonida ayrim past maoshli sohalarda oʻsishning tezlashishi mehnat bozorida sekin boʻlsa-da daromadlar oʻrtasidagi tabaqalanishning pasayishi sodir boʻlayotganligini anglatadi.
Hududlar kesimida real ish haqi dinamikasi 2026 yilda sezilarli darajada yaxshilandi. Hududlar boʻyicha 2024-2025 yillarda kuzatilgan sezilarli tafovut va davriy oʻzgaruvchanlik 2026 yilga kelib qisqarib, barcha hududlarda haqining yuqori oʻsishi kuzatildi. Mazkur dinamika hududlarda inflyatsion bosimning pasayishi va natijada aholining xarid qobiliyati yaxshilanayotganini hamda mehnat bozorida hududlar boʻyicha daromadlarning tabaqalanishi kamayayotganini namoyon etmoqda.
Shunday boʻlsa-da, hali ham ayrim hududlarda ish haqi oʻsishi boshqa hududlarga nisbatan sezilarli darajada past saqlanib qolmoqda. Xususan, 2026 yilning oʻtgan davrida Jizzax (13,3 foiz), Namangan (11,8 foiz) viloyatlari va Toshkent shahrida (10,7 foiz) ish haqining eng yuqori oʻsishi kuzatilgan boʻlsa, Andijon viloyati (7,9 foiz) va Qoraqalpogʻiston Respublikasida (8,7 foiz) eng past oʻsish qayd etildi. Umuman olganda, 2026 yilda ish haqi oʻsish surʼatlarining tarmoqlar va hududlar kesimida yuqori shakllanishi aholi daromadlarining keng qamrovli oshishi orqali ichki isteʼmol va iqtisodiy faollikni qoʻllab-quvvatlovchi omillardan boʻldi.