Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi pulli avtomobil yo‘lidan foydalanishning huquqiy asosi yaratildi. Adliya vazirligi mazkur yo‘nalishda harakatlanish qoidalarini belgilovchi vaqtinchalik nizomni davlat ro‘yxatidan
o‘tkazdi.
Yangi tartibga ko‘ra, yo‘ldan foydalanish operator va haydovchi o‘rtasidagi ommaviy shartnoma orqali yo‘lga qo‘yiladi. Yo‘lkira haqi transport vositasining turiga qarab belgilanadi, biroq u Transport vazirligi tomonidan o‘rnatilgan eng yuqori limitlardan oshib ketmasligi shart.
Haydovchilarga qulaylik yaratish maqsadida to‘lovlarni elektron shaxsiy hisob, maxsus punktlar yoki kechiktirilgan to‘lov tizimi orqali amalga oshirish imkoniyati berilmoqda.
Shuningdek, hujjatda iste’molchilar huquqlari ham alohida hisobga olingan. Haydovchilar to‘lovlar tarixini tekshirish, asossiz qarzdorlik ustidan shikoyat qilish hamda yo‘lning nosozligi sababli mashinaga yetkazilgan zararni qoplab berishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Pulli yo‘l ishga tushgunga qadar operator tariflar va muqobil bepul yo‘nalish haqidagi barcha ma’lumotlarni ommaga e’lon qilishi majburiy etib belgilandi. Ushbu vaqtinchalik nizom hukumatning pulli yo‘llarga oid doimiy qarori qabul qilinguniga qadar amalda bo‘ladi.