Firibgarlik tufayli Interpol qidiruvida boʻlgan jinoyatchi Gruziyadan Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi

Interpol yoʻnalishi boʻyicha samarali hamkorlik natijasida respublika huquqni muhofaza qiluvchi organlari tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasining 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda xalqaro qidiruvda boʻlgan fuqaro Oʻzbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilindi.

Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish davomida qidiruvda boʻlgan shaxsning Gruziya hududida ekanligi aniqlandi. Oʻzbekiston va Gruziya Interpol Milliy markaziy byurolari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik aloqalari tufayli mazkur ish boʻyicha keyingi barcha bosqichlarda zarur axborot va tashkiliy koʻmak taʼminlandi.

Jumladan, Oʻzbekiston va Gruziya tomonlarining muvofiqlashtirilgan harakatlari natijasida mazkur shaxs Gruziyaning vakolatli organlari tomonidan ushlandi. Keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ekstraditsiya toʻgʻrisidagi iltimosnomasi qanoatlantirilib, qonunchilikda nazarda tutilgan tartib-taomillar yakunlanganidan soʻng jinoyatchini oʻzbek tomoniga topshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Interpol milliy markaziy byurolari xodimlarining bevosita ishtirokida qidiruvdagi shaxs Gruziyadan ekstraditsiya qilinib, qonunchilikka muvofiq keyingi protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100319 | Инструменты