O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi va Xalqaro migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan Protect loyihasi doirasida mamlakatdagi birinchi migrantlar resurs markazini ochdi. Bu haqda Yevropa ittifoqining Toshkentdagi vakolatxonasi xabar berdi.
Yuqoridagi uch idora “Protect: Ipak yo‘li va Markaziy Osiyodagi ayrim mamlakatlarda migratsiyani boshqarish va migrantlarni himoya qilishni yaxshilash loyihasi”ni amalga oshiradi. O‘zbekistonda birinchi migrantlar resurs markazi ushbu loyiha doirasida tashkil etilgan.
Rasmiy xabarga ko‘ra, markazning asosiy maqsadi – mintaqa bo‘ylab potensial migrantlar uchun xavfsiz va qonuniy migratsiya bo‘yicha xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, noqonuniy migratsiya xavflari va odam savdosi tahdidlari haqida xabardorlikni oshirish. Loyiha O‘zbekiston hukumati bilan 2025 yil mart oyida imzolangan anglashuv memorandumi orqali rasman yo‘lga qo‘yilgan.
“Bunday markazlar odamlarni migratsiya haqida ongli qaror qabul qilish uchun zarur ma’lumot bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Global Gateaway strategiyasi tamoyillariga muvofiq, YeI Markaziy Osiyodagi hamkorlar bilan transport, raqamli texnologiyalar, energetika yoki ijtimoiy sohalarda barqaror, inson markazidagi infratuzilmaga investitsiya qiladi. Bu esa uyda va chet elda imkoniyatlarni yaratib, noqonuniy migratsiyani rag‘batlantiruvchi bosimlarni kamaytiradi”, – deydi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toivo Klaar.
Ma’lum qilinishicha, Toshkentdagi migrantlar resurs markazi dunyo bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 14 ta MRM tarmog‘ining eng so‘nggi tashkil etilgani hisoblanadi. Yangi markaz migratsiya yoki qaytishni rejalashtirayotganlar uchun amaliy va o‘z vaqtida yordam ko‘rsatib, ularning qarorlari ongli, xavfsiz va huquqlarga asoslangan bo‘lishini ta’minlaydi.
Toshkentdagi MRM potensial migrantlar, qaytib kelgan fuqarolar va ularning oilalari uchun ishonchli, qulay va dolzarb ma’lumot hamda maslahatlarni taqdim etadi. Jumladan, o‘zbekistonlik fuqarolar uchun quyidagi xizmatlar ko‘zda tutilgan:
Shunday markaz 2023 yilda Dushanbe shahrida va 2024 yilda Qirg‘izistonning O‘sh shahrida ochilgan.
“O‘shdagi markaz ishga tushirilganidan buyon 6 mingdan ortiq kishiga maslahat berilgan va ijtimoiy tarmoqlar orqali maslahat olganlar soni qariyb 1 million kishiga yetgan. Dushanbedagi markaz esa 10 mingdan ortiq kishiga yuzma-yuz maslahat bergan va 710 mingdan ziyod kishiga onlayn axborot yetkazgan”, - deyiladi rasmiy xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, Toshkentdagi markaz butun O‘zbekiston bo‘ylab faoliyatini kengaytiradi, mahalliy muassasalar bilan hamkorlik qiladi, maqsadli shaxslar bilan ishlash orqali migratsiya masalalari bo‘yicha samarali xabardorlik ishlarini olib boradi. Bundan tashqari, ma’lumot kampaniyalari davomida yig‘ilgan axborot migratsiya siyosatini dalillarga asoslangan holda shakllantirish, boshqaruv tizimini mustahkamlash va yanada samarali xizmat ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlash uchun foydalaniladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82822 | Инструменты