Prezident chorvachilikda ozuqa bazasini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Unda 2030-yilgacha ozuqa yetishtirishni 90 million tonnaga yetkazish, 100 dan ortiq ozuqa markazlarini tashkil etish hamda qo‘shimcha 400 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish imkoniyatini yaratish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Taqdimotda go‘sht va sut mahsulotlariga talab ortib borayotgan sharoitda ichki bozorni yetarli mahsulot bilan ta’minlash va narxlar barqarorligini saqlash muhimligi qayd etildi. Bugungi kunda ozuqa xarajatlari go‘sht tannarxining 30 foizini tashkil etadi. Mamlakatda 12,5 million bosh qoramol, 23 million bosh qo‘y-echki va 125 million bosh parranda boqilayotgan bo‘lib, yiliga yetishtirilayotgan 48 million tonna ozuqa ehtiyojni to‘liq qoplamayapti — bir bosh qoramol uchun yiliga 6,5 tonna ozuqa zarur bo‘lsa-da, amalda bu ko‘rsatkich 4 tonnadan oshmayapti. Shuningdek, chorvachilik uchun ajratilgan 480 ming gektar yerning kamida 20 foizidan samarasiz foydalanilmoqda, ozuqabop ekinlar urug‘iga bo‘lgan ehtiyojning 95 foizi esa import hisobidan qoplanmoqda.
Shu munosabat bilan ozuqa yetishtirish hajmini 2027-yilda 64,5 million tonnaga, 2030-yilga borib esa 90 million tonnaga yetkazish taklif etildi. Rejaga ko‘ra, hududlar kesimida ozuqa balansi shakllantirilib, ekin maydonlari hisobi to‘liq raqamlashtiriladi va yerlardan maqsadli foydalanish kosmik monitoring orqali nazorat qilinadi. Serhosil navlar hamda zamonaviy agrotexnologiyalar hisobiga ozuqabop ekinlar hosildorligini gektariga 350 sentnerdan 500 sentnerga oshirish, 2030-yilgacha 200 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish ko‘zda tutilgan. Kelgusi yilda bu 50 ming gektar maydonda amalga oshiriladi.
Qashqadaryo viloyatining sakkizta tumanida qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli ekinlar yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, 2030-yilga qadar respublika bo‘yicha 1 million gektar yaylovda dronlar yordamida urug‘ sepiladi. Qoramollarning 87 foizi boqilayotgan aholi xonadonlarini uzluksiz va maqbul narxdagi ozuqa bilan ta’minlash maqsadida hududlarda 100 dan ortiq ozuqa markazlari va shoxobchalari tashkil etiladi.
Taqdimotda tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, 500 gektardan ortiq yerni o‘zlashtirib, zamonaviy sug‘orish tizimini joriy etgan tadbirkorlarga mahalliy budjet hisobidan 100 ming kub metrgacha sig‘imli suv havzalari qurib berish, “Pivot” sug‘orish texnologiyasi uchun subsidiyani gektariga 2,5 million so‘mdan 4 million so‘mgacha oshirish, kamida 10 gektarni sug‘orishda qayta tiklanuvchi energiya uskunalari xarajatining 50 foizigacha qismini qoplash nazarda tutilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida yaylovlarni o‘zlashtirgan tadbirkorlarga ushbu maydonlarning bir qismida chorvachilik komplekslarini qurish imkoniyatini berish, 2027-yildan Qashqadaryoda sinov tariqasida aholi xonadonlarida boqilayotgan chorva uchun ozuqa xaridining 10 foizini subsidiyalash taklif qilindi.
Shuningdek, Qashqadaryoda Misr olimlari bilan ilmiy-tadqiqot va urug‘chilik markazlarini tashkil etib, urug‘ importini bosqichma-bosqich qisqartirish, sun’iy urug‘lantirish va embrionlarni ko‘chirib o‘tkazish texnologiyalarini kengaytirish rejalashtirilgan. Ushbu chora-tadbirlar hisobiga qoramollarning so‘yishdagi tirik vaznini 250–350 kilogrammdan 450–550 kilogrammga yetkazish hamda qo‘shimcha 400 ming tonna go‘sht yetishtirish imkoniyati yaratiladi.
Davlat rahbari mutasaddilarga takliflarni puxta ishlab chiqib, moliyalashtirish mexanizmlarini aniq belgilash, manzilli loyihalarni shakllantirish hamda ichki bozorda go‘sht va sut mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112521 | Инструменты