Oliy Majlis Senatida xalqaro inson huquqlari kuniga qadar davom etadigan global kampaniyaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda ayollar huquqlarini himoya qilish borasidagi qonunchilik mexanizmlari va masʼul idoralar hamkorligini yanada mustahkamlash vazifalari belgilab olindi.
Har yili 25-noyabr – Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish xalqaro kunidan 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuniga qadar dunyo boʻylab “Zoʻravonlikka qarshi 16 kunlik faollik” global kampaniyasi oʻtkaziladi.
24-noyabr kuni Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi hamda BMT tuzilmalari hamkorligida ushbu global kampaniyaga rasmiy start berish marosimi boʻlib oʻtdi.
BMT tashabbusi bilan bu yilgi kampaniya “Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi birlashaylik: jabrlanganlar uchun adolat va himoyani, zoʻravonlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlaylik!” shiori ostida tashkil etilmoqda.
Ochilish marosimida soʻzga chiqqan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanganini taʼkidladi. Prezidentimiz rahbarligida ayollarning taʼlim olishi, munosib mehnat qilishi, tadbirkorlik bilan shugʻullanishi, jamiyat hayoti va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish borasida qonunlar qabul qilingani va mexanizmlar joriy etilgani, jumladan, oilaviy zoʻravonlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilangani, jabrlanganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish tizimi yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar asosiy eʼtiborni zoʻravonlikdan jabrlanganlarning huquqlarini tiklash, ularning xavfsizligini taʼminlash, huquqiy, ijtimoiy va psixologik yordam koʻrsatish, huquqbuzarlarning javobgarligini taʼminlash masalalariga qaratdi.
Shuningdek, “Adolatni taʼminlash, jabrlanganlarni himoya qilish va zoʻravonlik uchun jazosizlikka barham berish” mavzusida panel muhokama oʻtkazildi. Unda zoʻravonlikning oldini olish, jabrlanganlarni himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish va masʼul idoralar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Global kampaniya doirasida mamlakatimizning barcha hududlarida, mahallalar, taʼlim muassasalari va mehnat jamoalarida targʻibot tadbirlari, davra suhbatlari va oʻquv seminarlari tashkil etiladi. Ijtimoiy videoroliklar, intervyular, OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar orqali aholining huquqiy xabardorligini oshirishga ham alohida eʼtibor beriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112516 | Инструменты